«Bunyodkor» ham, «Al-Jaish» ham uch ochko uchun o`ynaydi

11 mart, seshanba kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadioni OChL-2014 guruh bosqichi uchrashuviga mezbonlik qiladi. Shu kuni musobaqaning «V» guruhida ishtirok etayotgan amaldagi O`zbekiston chempioni - «Bunyodkor» Qatar vakili – «Al-Jaish»ni qabul qiladi.

10 mart kuni «Paxtakor» stadionining anjumanlar zalida har ikkala jamoa vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Dastlab jurnalistlarning savollariga «Al-Jaish» bosh murabbiyi Nabil Ma`lul hamda jamoa darvozaboni Saud al-Xatir javob berdi.

«Shubhasiz, bizni ertaga qiyin va qiziqarli o`yin kutib turibdi. Raqibimiz jismoniy jihatdan kuchli jamoa. Biz esa mehmonda to`p suramiz, shu bilan birga, bir qator futbolchilarimiz bizga yordam bera olishmaydi. Shunga qaramay, biz bu erga uch ochko maqsadida kelganmiz», - dedi «Al-Jaish» ustozi.

«Al-Jaish» 2014 yilgi OChLni saralash bosqichidan, yana ham aniqrog`i, Qarshining «Nasaf» jamoasiga qarshi o`yin bilan boshlagan edi. Qatar klubi ustozi «Nasaf» va «Bunyodkor» o`rtasida qanday farq va o`xshashliklar borligiga ham to`xtaldi.

«Bunyodkor»ning qator o`yinlarini ko`rdik, jamoa haqida yaxshi tasavvurga egamiz. «Nasaf» va «Bunyodkor» o`rtasida katta farq yo`q deb hisoblamayman. «Nasaf» ham jismoniy jihatdan kuchli edi, biroq o`sha o`yindani bizning tezkor golimiz raqibimizning barcha rejalarini yo`qqa chiqarib yuborgandi», - dedi Nabil Ma`lul.

Jamoa darvozaboni Saud al-Xatir ham o`z ustozi fikrlarini qo`llab-quvvatladi: «Bunyodkor» kuchli jamoa va ertaga bizga oson bo`lmaydi. Biroq ertaga eng yaxshi o`yinimizni ko`rsatib, uyga g`alaba bilan qaytish uchun bor kuch-g`ayratimizni ishga solamiz».

«Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov «Al-Jaish»ga qarshi o`yinoldi fikrlari bilan o`rtoqlasharkan, bo`lajak raqib tarkibida mahoratli futbolchilar etarlicha yig`ilganiga alohida e`tibor qaratdi.

«OChLdagi navbatdagi ikki o`yinni Toshkentda o`tkazamiz va bundan maksimal natija chiqarishimiz kerak. «Al-Jaish» – yaxshi jamoa. Jamoa tarkibida bir qator kuchli braziliyalik va boshqa legioner futbolchilar bor. Umuman, jamoada teng kuchli ikki tarkib bor. Lekin nima bo`lgan taqdirda ham, bo`lajak o`yinda g`alaba qozonishimiz shart», - dedi «Bunyodkor» ustozi.

Mirjalol Qosimov bundan deyarli bir oy avval O`zbekistonning boshqa bir jamoasi – «Nasaf» «Al-Jaish»ga yirik – 1:5 hisobida imkoniyatni boy berganiga e`tibor qaratmaslik kerak, deb hisoblaydi.

«Nasaf»ning «Al-Jaish»ga qarshi 8 fevral kuni o`ynagan edi, buning ustiga, ertangi o`yin saralash emas, guruh bosqichi o`yini. Oradan ancha vaqt o`tdi, «Nasaf»ning o`yini tarixda qoldi. Ertaga biz to`p nazoratini o`zimizda ushlab, raqib o`z o`yinini ko`rsatishi uchun imkon bermasligimiz kerak. Eng muhimi – oddiy vaziyatlarga xatolarga yo`l qo`ymaslik», - deya qo`shimcha qildi Qosimov.

«Al-Jaish»ga qarshi o`yin, agar maydonga tushsa, «Bunyodkor»ning ispaniyalik futbolchisi Karles Koto uchun jamoa safidagi rasmiy uchinchi o`yinga aylanadi. «Barselona» futbol maktabi tarbiyalanuvchisi o`z harakatlarini o`yindan o`yinga kuchaytirib borishga va`da berdi.

«Al-Jaish»ga qarshi o`yin qiyin kechadi, biroq biz o`z maydonimizda o`ynayapmiz, ijobiy natijaga erishishimiz kerak. «Bunyodkor»dagi dastlabki o`yinimni OChLda o`tkazdik, so`ng Superkubok bahsida butun jamoamiz bilan birga nisbatan yaxshiroq o`yin ko`rsatdik. O`zimga kelsak, o`z ustimda yanada ko`proq ishlashim va bundan-da yaxshiroq o`yin ko`rsatishim kerak», - dedi «Bunyodkor»ning ispaniyalik yarim himoyachisi Karles Koto.

Eslatib o`tamiz, «Bunyodkor» va «Al-Jaish» o`rtasidagi o`yin 11 mart, seshanba kuni Toshkent vaqti bilan 17:00da Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida boshlanadi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb