
«Al Fath» - «Bunyodkor» uchrashuvidan so`ng ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Dastlab «qaldirg`ochlar» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o`yin haqidagi o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.
«O`yin qiziqarli bo`ldi. Avvalo bizni stadionda qo`llab turgan muxlislarga rahmat aytmoqchiman. Bugun xuddi o`z maydonimizda o`ynagandek bo`ldik. 3 oydan keyingi dastlabki rasmiy o`yinni o`tkazdik, menimcha bunday holat uchun yomon harakat qilmadik. O`yinga kelsak bizda imkoniyatlar bo`ldi. Biroq ulardan foydalana olmadik. Durang natijaga normal qarayman», - dedi «Bunyodkor» bosh murabbiyi.
«Vaziyatlar bo`yicha olib qaralsa, bizda ikkita o`ta qulay vaziyat bo`ldi. «Al Fath»da esa yaqqol imkoniyat bo`lgani yo`q. Umuman olganda o`yin asosan maydon markazida kechdi. Bir narsani tushuninglar. Bu bizning ilk rasmiy uchrashuvimiz edi. Jamoa futbolchilari 70 foizga tayyorlar. Shu bois ochiq o`yin namoyish eta olmasdik», - deya qo`shimcha qildi Mirjalol Qosimov.
«Al Fath» - «Bunyodkor» uchrashuvidan tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Fazi Al-Jabal ishtirok etdi.
«Bugun biz hujumda o`ynashga harakat qildik. Ammo «Bunyodkor» himoyasi juda tartibli o`ynadi. Kurash qizg`in kechdi. Maydonning har bir qarichi uchun kurash bo`ldi. Ikkinchi bo`limda esa tashabbusni raqibga berib qo`ydik. Guruh bosqichining keyingi o`yinlarida xatolarimizni takrorlamaslikka intilamiz», - dedi Fazi Al-Jabal.
«Ha, to`g`ri. Durang adolatli natija. Biz uchrashuv davomida yuqoridan ham, erdan ham to`p uzatishlarni amalga oshirdik. Vaziyatdan kelib chiqib balki havolatib to`p uzatishlar ko`proq bo`lgandir», - deya qo`shimcha qildi «Al-Fath» bosh murabbiyi.