
Toshkentning «Bunyodkor» jamoasi 25 fevral kuni Osiyo Chempionlar ligasidagi yurishini boshlaydi. Jamoaning bu yilgi musobaqadagi ilk raqibi – Saudiya Arabistonining «Al-Fath» jamoasi bo`ladi.
Klub matbuot xizmati xabariga ko`ra, OChL-2014 «V» guruhi 1-tur uchrashuvi arafasida 24 fevral kuni har ikkala jamoa vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Unda dastlab «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.
Qosimov o`yinoldi fikrlari bilan o`rtoqlasharkan, «Bunyodkor»ning maqsadi – OChLda muvaffaqiyatli ishtirok etish ekanligini qayd etib o`tdi.
«Ertaga bizni qiziqarli o`yin kutib turibdi. Maqsadimiz Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etish. Buning uchun 1-turdanoq ochko yig`ishni boshlashimiz kerak. Saudiya Arabistoniga shunchaki kelganimiz yo`q. «Al-Fath» haqida gapiradigan bo`lsam, juda tartibli o`yin ko`rsatishini aytib o`tgan bo`lardim. Jamoaning o`rta chizig`i va ikkala qanotida tezkor futbolchilar to`p tepishadi. Oldingi chiziqdagi kongolik va braziliyalik legionerlari kuchli. Raqibning «Al-Nasr» va «Al-Ittihod»ga qarshi uyda o`tkazgan o`yinlarini ko`rib chiqdik va o`zimizga kerakli xulosalarni oldik», - dedi Qosimov.
«Ertaga ikkala jamoaga ham maydon holati biroz salbiy ta`sir o`tkazishi mumkin. Chunki kecha mashg`ulot o`tkazganimizda maydon yaxshi holatda emasdi. Odatda mehmonda erishilgan durang natijaga ijobiy qaraladi. Biroq biz Saudiya Arabistonidan uch ochko bilan qaytishni istaymiz. V guruhida kuchli jamoalar yig`ilgan», - dedi «Bunyodkor» ustozi.
«Qatarning «Al-Jaish» jamoasi oxirgi pallada juda kuchli tarkibni jamladi. Eronning «Fulad» klubi esa jamoaviy o`yin hisobida o`z chempionatida yakka peshqadam bo`lib turibdi. Al-Fath esa Osiyo Chempionlar ligasida yangi nom va ular bu musobaqani yaxshi boshlashga intilishadi. Bunyodkor esa o`z an`analariga sodiq qolgan holda doimo o`z oldiga yuksak marralarni qo`yadi. Qisqasi, bizning guruh judayam qiziqarli. Afsuski, guruh bosqichi yakuniga ko`ra musobaqa 2ta ajoyib jamoa tark etadi», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.
O`z navbatida, «Al-Fath» jamoasi bosh murabbiyi Fazi al-Jabal uning jamoasi «Bunyodkor»ni imkon qadar o`rganishga harakat qilganini ma`lum qildi.
«Nufuzli musobaqa ostonasida turibmiz. Saudiya Arabistoni chempionatining so`nggi turlarida qoniqarsiz natijalar qayd etdik. Endi bor e`tiborimizni Osiyo Chempionlar ligasi bahslariga qaratamiz. Muxlislarimiz ishonchini aynan xalqaro turnir orqali qaytarishga urinib ko`ramiz. Qo`l ostimda juda mahoratli futbolchilardan tashkil topgan ahil jamoa bor. Ular bilan katta yutuqlarni qo`lga kiritish mumkin», - dedi Saudiya klubi ustozi.
«Bunyodkor» haqida bilganlarimiz shuki, ular mavsumoldi yig`inlar davomida bir necha o`rtoqlik uchrashuvlari o`tkazishdi. O`tgan mavsum bo`yicha O`zbekiston chempioni. «Bunyodkor»ning aksariyat futbolchilari bo`ydor va jismonan baquvvat sanalishadi. Biroq bu bizni cho`chitmaydi. Chunki futbol erda va oyoqlarda o`ynaladi. Ob-havo harorati ko`proq raqib zarariga ishlasa kerak. Chunki O`zbekistonda hozir qish fasli hukmronlik qilyapti. Lekin bu holati aytarli tashvish tug`dirmaydi», - deya qo`shimcha qildi «Al-Fath» bosh murabbiyi Fazi Al-Jabal.
Eslatib o`tamiz, «Al-Fath» va «Bunyodkor» jamoalari o`rtasidagi OChL-2014 «V» guruhi 1-tur uchrashuvi 25 fevral, seshanba kuni Toshkent vaqti bilan 22:00da boshlanadi.