23 fevral kuni «Olmaliq» Turkiyada o`zining uchinchi nazorat o`yinini o`tkazdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu galgi raqib, Belarusning «Minsk» futbol klubi bo`ldi. O`yin ancha qiziqarli va xavfli vaziyatlarga boy bo`ldi. Hisob ham shunga yarasha - 3:3. Sermahsul o`tgan bu bahsda «Olmaliq» uch marta hisobda oldinga borgan bo`lishiga qaramasdan g`alabani ushlab qola olmadi.
«Olmaliq»ning uchrashuvdagi gollariga Sanjar Shoahmedov, Zafar Polvonov va Zohir Pirimov mualliflik qildi. Belarusliklar kiritgan har uchchala gol standart vaziyatlarda amalga oshirildi. Uchrashuvda «Olmaliq» safida frantsiyalik futbolchi Nasser Menassel maydonga tushdi.
Jamoa bungacha Armanistonning «Pyunik» jamoasiga mag`lub bo`lgan, Qozog`istonning «Irtish» jamoasi bilan 0:0 hisobida durang o`ynagan edi. «Olmaliq»ning navbatdagi nazorat o`yini 26 fevral kuni Ejevskning «Gazovik» jamoasiga qarshi o`tadi.