Turkiyada o`quv-mashg`ulot yig`inlarini olib borayotgan Toshkentning «Bunyodkor» klubi 16 fevral kuni Qozog`istonning «Shaxtyor» (Qarag`anda) klubiga qarshi nazorat o`yini o`tkazdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuv 0:1 hisobida Mirjalol Qosimov shogirdlari mag`lubiyati bilan yakuniga etdi. Birinchi bo`limda hisob ochilmagan edi. O`yin davomida «Bunyodkor» safida ispaniyalik legioner futbolchi Karles Koto ham maydonga tushdi.
Ushbu uchrashuv «Bunyodkor»ning Turkiya yig`ini doirasidagi so`nggi nazorat bahsi bo`ldi. Bungacha Qosimov jamoasi Turkiya yig`ini doirasida beshta nazorat o`yinida maydonga tushgan edi.
O`tkazilgan jami olti o`yinning faqat bittasi «Bunyodkor» g`alabasi bilan tugadi – Bolgariyanig «Lokomotiv» jamoasiga qarshi o`yinda toshkentlik futbolchilar 1:0 hisobida g`alaba qozonishdi. Bolgariyaning boshqa bir jamoasi – «Bansko» bilan o`yinda durang qayd etilgan edi (0:0).
Qolgan to`rtta o`yinda «Bunyodkor» mag`lubiyatga uchradi. Polshaning «Yagelloniya» va Qozog`istonning «Shaxtyor» jamoalari kichik – 1:0 hisobida g`alaba qozonishgan bo`lsa, Ukrainaning «Ilichevets» va Belarusning «Torpedo» jamoalariga «Bunyodkor», mos ravishda, 1:4 va 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.