Toshkentning «Bunyodkor» jamoasi ispaniyalik 26 yoshli yarim himoyachi Karles Koto bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu yarim himoyachi 2001-2007 yillar oralig`ida Kataloniyaning «Barselona» futbol maktabida tahsil olgan. Professional faoliyatini Belgiyaning «Muskron» jamoasida boshlagan. Keyinchalik Ispaniyaning «Sevilya» va «Benidorm», Kiprning «Anortosis», Gruziyaning «Dinamo» Tbilisi va Belorussiyaning «Dinamo» Minsk jamoalarida faoliyat olib borgan. Shuningdek, Ispaniya U-16 va U-19 terma jamoalarida ham bir necha uchrashuvlarda ishtirok etgan.
«Karles Koto asosan o`ng qanot yarim himoyasida to`p tepadi. Shuningdek, markaziy yarim himoyachi sifatida pleymekerlik qobiliyatiga ham ega», - deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.
Qayd etish joiz, mavsumoldi yig`inlari davomida «Bunyodkor» bir qator legioner futbolchilarni ko`rikdan o`tkazdi. Asrlonmurod Omonov (Turkmaniston), Kamil Kapunek (Slovakiya), Sergey Simonenko, Ruslan Ablitarov va Vyacheslav Sharpar (uchalasi – Ukraina) hamda Karles Koto (Ispaniya).
«Xorijlik futbolchilarni sinchikovlik bilan o`rganib chiqqan «Bunyodkor» FK murabbiylar shtabi ukrainalik Sergey Simonenko va ispaniyalik Karles Koto harakatlaridan qoniqishdi. Shu tariqa, «Bunyodkor»ning xorijlik legionerlar limiti to`ldi. Bular: himoyachi Sergey Simonenko, yarim himoyachi Karles Koto va hujumchi Oleksandr Pishur. Hozircha osiyolik legioner limiti bo`sh turibdi», - deya xabar bermoqda «Bunyodkor» matbuot xizmati.