Toshkentda tayyorgarlikni davom ettirayotgan «Andijon» jamoasi safiga yangi o`yinchilar qo`shilishda davom etmoqda. Avvalroq, klub matbuot xizmati jamoa tarkibiga Parvanov, Usmonxo`jaev (ikkisi ham – «Lokomotiv»), Kamolov («Neftchi»), Paulauskas (Litva) va Astrauskas (Litva) kabi yangi futbolchilar qo`shilganini xabar qilgan edi.
13 fevral kuni andijonliklar safiga hujumchi Alisher Azizov ham qo`shildi. Huquqiy jihatdan «Paxtakor»ga tegishli bo`lgan bu hujumchi o`tgan yili ijara asosida «Buxoro» sharafini himoya qilgandi.
Buxoroliklar tarkibida Azizov chempionatda 15ta o`yinda maydonga tushgan. Bungacha hujumchi «Paxtakor» bilan mavsumga tayyorgarlik ko`rayotgandi. Biroq Azizov bu yil ijaraga beriladigan bo`ldi. Ayni paytda u «Andijon» mashg`ulotlarida ishtirok etmoqda.
Qayd etish joiz, avvalroq «Andijon» mashg`ulotlariga hujumchi Davron Mirzaev qo`shilishi xabar qilingan edi, biroq o`z vaqtida Rossiya klublarida to`p surgan futbolchi 13 fevral kuni «Paxtakor» safida «So`g`diyona»ga qarshi nazorat o`yinida maydonga tushdi.