Vadim Abramov «Lokomotiv» bilan yangi g`alabalarga erishmoqchi

13 fevral kuni «Lokomotiv» jamoasi boshqaruvida kutilgan o`zgarish sodir bo`ldi. Jamoa Osiyo Chempionlar ligasi saralash bosqichida muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin klub rahbariyati shu kungacha bosh murabbiy vazifasini bajarib kelayotgan Hakim Fuzaylovni iste`foga chiqardi. Uning o`rnini esa 2009-2010 yillarda «Lokomotiv» klubini boshqargan, keyinchalik O`zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalarida faoliyat olib borgan Vadim Abramov egalladi.

Klub matbuot xizmat jamoaning yangi bosh murabbiyi bilan intervyu uyushtirdi.


- Vadim Karlenovich, avvalo o`zingiz uchun begona bo`lmagan jamoaga xush kelibsiz.
- Rahmat.

- «Lokomotiv» klubidan tushgan taklifni qanday qabul qildingiz?
- Yaxshi. O`z oldiga jiddiy vazifalar qo`ygan klubda ishlash yoqimli va «Lokomotiv»ning ham yuksak maqsadlarni ko`zlayotganidan mamnunman. Shu bois temiryo`lchilar jamoasi taklifini hech ikkilanmasdan qabul qildim.

- Siz ishlagan davr bilan solishtirganda jamoada jiddiy o`zgarishlar bo`lgan. Eng avvalo klub infratuzilmasi yaxshilandi, qolaversa tarkib ham ko`chaytirildi. Bu sizni xushnud etyaptimi?
- Albatta. Aslida men ishlab yurgan paytlarda mana shu o`zgarishlarga poydevor qo`yilgan edi. Hozir jamoa xalqaro talablarga javob beradigan ajoyib stadion va o`z bazasiga ega. Jamoadagi bu o`zgarishlardan xursandman. O`zbek xalqida «ot aylanib qozig`ini topadi», degan maqol bor. Shunday ekan, men o`z uyimga qaytdim va endi «Lokomotiv» bilan yangi g`alabalarga erishmoqchiman.

- Murabbiylar shtabida o`zgarishlar bo`ladimi? Sizning doimiy hamrohingiz Marat Miftaxutdinov yoki milliy terma jamoada birga ishlagan yordamchingiz Shuhrat Maqsudov «Lokomotiv»da paydo bo`lishi mumkinmi?
- Agar qandaydir o`zgarishlar bo`lsa, bu haqda birinchi bo`lib xabar topasizlar. Hozircha jamoa murabbiylar shtabida hech qanday o`zgarish bo`lgani yo`q, hamma ishlashda davom etmoqda. Ko`ramiz, balki qandaydir o`zgarish bo`lishi mumkin. Maqsudovga kelsak, uning ishi bor. U yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi hamda milliy terma jamoada yordamchi murabbiy sifatida ishlamoqda. Shu bois Shuhratni «Lokomotiv»ga taklif etmayman.

- Hozir jamoada milliy chempionatimiz uchun nisbatan ko`p futbolchi to`planib qolgan. Tarkibda ham qandaydir o`zgarishlar bo`ladimi?
- Jamoada yuksak saviyaga ega futbolchilarning ko`proq bo`lgani ma`qul. Yaxshi o`yinchilar hech qachon ortiqchalik qilmaydi. Biroq, masalaning ikkinchi jihati ham bor. Maydonda faqat 11 nafar futbolchi to`p suradi, hammada muntazam o`ynash imkoniyati bo`lmasligi mumkin. Murabbiylar shtabi va klub rahbariyati bilan o`zaro maslahatlashgan holda bu masalani hal qilamiz. Kimlardir boshqa jamoalarga ijaraga berilishi ham mumkin.

- Jamoadagi futbolchilarning aksariyati nisbatan katta yoshdagi futbolchilar ekani sizni tashvishga solmayaptimi...
- Agar futbolchi maydonda yaxshi o`yin namoyish etayotgan bo`lsa hech kim uning yoshi haqida gapirmaydi. Lekin, o`yini qovushmasa yoki avvalgi saviyasidane past o`yin ko`rsatishni boshlasa darhol yoshi haqida gapirib qolishadi. Men hech qachon futbolchini pasportiga qarab o`ynatmayman. Hammasi futbolchining o`ziga bog`liq.

- «Lokomotiv» endi navbatdagi rasmiy o`yinini 7 mart kuni o`tkazadi. Bu o`yingacha jamoa tayyorgarlikni qaerda olib boradi? Jamoa xorijga chiqishi ham mumkinmi?
- Jamoa oldiga jiddiy vazifalar qo`yilgan ekan, tayyorgarlik ham shunga yarasha bo`lishi kerak. Hozir yurtimizda qish, hamma yoq qor bilan qoplangan. Bunday sharoitda mavsumga yaxshi tayyorgarlik ko`rish qiyin. Agar jamoada hammasi risoladagidek bo`lsa, xorijga chiqishning zarurati bo`lmasdi. Ammo, Osiyo Chempionlar ligasi saralash bosqichidagi o`yin ko`rsatdiki, hali qilinadigan ishlar ko`p. Jamoa xorijga chiqish-chiqmasligi yaqin bir-ikki kun ichida hal bo`ladi.

- Samimiy suhbatingiz uchun rahmat. Siz va «Lokomotiv» jamoasiga yangi mavsumda omad tilaymiz. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb