Turkiyada o`quv-mashg`ulot yig`inlari olib borayotgan Toshkentning «Bunyodkor» klubi 14 fevral kuni ikkita nazorat o`yinida maydonga tushdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Dastlab, Mirjalol Qosimov shogirdlari Ukrainaning «Ilichevets» jamoasiga qarshi maydonga tushib, 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ikkinchi uchrashuv esa Belarusning «Torpedo» jamoasiga qarshi o`tkazildi.
Belarus klubiga qarshi bahsda «Bunyodkor» futbolchilari 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Uchrashuvda hisob «Torpedo» futbolchilari tomonidan ochilganiga qaramay, Oleg Zoteevning sa`y-harakatlari bilan tezda hisob tenglashtirildi. Biroq o`yin yakunlanishiga 8 daqiqa qolganida Belarus klubi futbolchilari g`alaba to`pini kiritishga muvaffaq bo`lishdi.
«Bunyodkor» Turkiya yig`inidagi so`nggi nazorat o`yinini 16 fevral kuni Qozog`istonning «Shaxtyor» jamoasiga qarshi o`tkazishi rejalashtirilgan.