«Paxtakor» asosiy tarkib a`zolari Turkiyaga jo`nab ketish oldidan «So`g`diyona»ga qarshi nazorat bahsida maydonga tushishdi. Uchrashuvda hisob ochilmagan – 0:0.
«Paxtakor» stadionida kechgan uchrashuvda har ikki jamoa murabbiylari bir qator futbolchilarni tekshirib olish imkoniyatiga ega bo`lishdi. Jumladan, O`zbekiston yoshlar va olimpiya terma jamoasi safidagi o`yinlari bilan ko`zga ko`ringan hujumchi Davron Mirzaev «Paxtakor» safida maydonga tushdi, biroq 18-daqiqada jarohat olib, maydonni tark etdi.
«Uchrashuv mobaynida har ikki jamoa o`yinchilari qulay vaziyatlarni yuzaga keltirishdi, ammo ulardan foydalanish hech kimga nasib qilmadi. Andreev, Karimov, Jasur Hakimovning urinishlariga aniqlik etishmadi. O`z navbatida Davron Fayziev shogirdlari ham ancha mazmunli o`yin namoyish qilganini ta`kidlash joiz. Jizzaxliklar mavsumga tayyorgarlik jarayonida jamoaviy o`yinni yaxshi shakllantirib borishayotgani ko`zga tashlandi», - deb yozadi «Paxtakor» matbuot xizmati.
Xabar berishlaricha, «Paxtakor» 15 fevral kuni Turkiyaning Antaliyaga shahriga navbatdagi yig`inni o`tkazish uchun jo`nab ketadi.