Toshkentning «Lokomotiv» klubi 9 fevral kuni Osiyo Chempionlar ligasi 2-saralash bosqichi uchrashuvlari doirasida «Paxtakor» stadionida Kuvaytning «Al-Kuvayt» jamoasini qabul qildi va 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
3-saralash bosqichida «Laxviya»ga qarshi to`p surish huquqini qo`lga kiritgan «Al-Kuvayt» klubi bosh murabbiyi, ruminiyalik Ion Marin o`yindan so`ng o`z fikrlari bilan o`rtoqlasharkan, «Lokomotiv»ni mag`lub etish oson bo`lmaganini qayd etib o`tdi.
«Kecha aytganimdek, o`yin juda qiyin kechdi. «Lokomotiv» bu o`yinga boshqacha tayyorgarlik ko`rganini bilardik. Jamoamiz noqulay ob-havoga qaramasdan stadionni shunday yaxshi holatga keltirgan insonlarga rahmat aytmoqchiman. Bugungi g`alaba uchun futbolchilarimga minnatdorlik bildiraman. Ular o`z vazifalarini ortig`i bilan ado etishdi. Ularga rahmat», - dedi Ion Marin.
«Lokomotiv»ning hujumda o`ynashini bilar edik. Shuning uchun himoyaga e`tibor qaratib, qarshi hujumlarda o`ynashga harakat qildik. Shogirdlarimga alohida rahmat aytaman. Noqulay ob-havo sharoitiga qaramay, o`zlarini professional futbolchi ekanligini isbotlashdi. «Lokomotiv»dek kuchli jamoa ustidan g`alaba qozonish uchun bor mahoratni ishga solish kerak. Futbolchilar bugun buni uddalashdi», - deya qo`shimcha qildi «Al-Kuvayt» bosh murabbiyi.
«Biz odatda hujumkor o`yin namoyish etamiz. O`tgan mavsum Kuvayt chempionatida jamoa 106ta gol urgan. Bugun biroz boshqacharoq o`yin ko`rsatdik. Chunki futbolda faqat hujum qiladigna jamoa doim ham yutavermaydi. Raqib kuchiga qarab o`ynash lozim. Himoyani ham unutmaslik lozim», - dedi «Al-Kuvayt» bosh murabbiyi, ruminiyalik mutaxassis Ion Marin.
O`z navbatida, «Lokomotiv» bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Hakim Fuzaylov uning jamoadagi kelgusi faoliyatini klub rahbariyati hal qilishini ma`lum qildi.
«O`yinda ustunlikka erishib turib, g`alaba qozona olmadik. Himoyadagi xatolar o`yin taqdirini hal qildi. Qishda o`ynash biroz qiyin. Ayrim yangi futbolchilar o`z saviyalaridan pastroq o`yin namoyish etishdi. Bunga sabab hali mavsum boshlanmagani bo`lsa kerak», - dedi Hakim Fuzaylov.
«Legionerlarni kuchli saviyadagi futbolchilar deb ayta olaman. Ular mavsum davomida o`zlariga bildirilgan ishonchni oqlaydilar. Futbolchilar bugun qo`ldan kelgancha harakat qilishdi. Omad etishmadi. Jamoamizga kelib qo`shilgan futbolchilar hali o`zlarini ko`rsatishadi», - dedi «Lokomotiv» ustozi.
«Klubdagi kelgusi faoliyatimni rahbariyati hal qiladi. Klub oldiga ulkan maqsadlar qo`yilgan. Shu maqsad yo`lida ishlashda davom etadi», - deya qo`shimcha qildi «Lokomotiv» bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Hakim Fuzaylov.