«Lokomotiv» o`z maydonida «Al-Kuvayt»ga imkoniyatni boy berdi

Toshkentning «Lokomotiv» klubi Osiyo Chempionlar ligasi 3-saralash bosqichi yo`llanmasini qo`lga kirita olmadi. 9 fevral kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida bo`lib o`tgan «Al-Kuvayt»ga qarshi 2-saralash bosqichi o`yinida «temiryo`lchilar» 1:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi.

Uchrashuvda hisob 22-daqiqada «Al-Kuvayt» hujumchisi Issam Jem`a tomonidan ochildi – futbolchi maydon egalari maydon markazida yo`l qo`ygan xatodan unumli foydalanib, uchrashuvdagi birinchi golini kiritdi.

Oradan 17 daqiqa o`tib, Issam Jem`a uchrashuvdagi ikkinchi golini kiritdi. Ushbu vaziyatda ham «Lokomotiv» markaziy himoyachilari qo`pol xatoga yo`l qo`yishdi, Jem`a esa «Al-Kuvayt»ning braziliyalik yarim himoyachisi Rojerio Koutino tashlab bergan to`pni Temur G`aniev darvozasiga to`g`rilab qo`ydi.

Uchrashuv ikkinchi bo`limida tarkibda bir qator o`zgarishlarni amalga oshirgan «Lokomotiv», Sardor Mirzaev va Ivan Nagaevning sa`y-harakatlari bilan 66-daqiqada hisobni qisqartirishga muvaffaq bo`ldi. Biroq uchrashuv asosiy vaqti yakunlanishiga 4 daqiqa qolganida Issam Jem`a o`zining uchinchi golini urib, o`yin taqdirini amalda hal qildi.

Ushbu natijadan so`ng, «Lokomotiv» 2014 yilgi Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtirokini yakunladi. Ma`lumot uchun, «temiryo`lchilar» 2013 yilgi mavsumda ham saralash bosqichidan o`ta olishmagan edi. Qayd etish joiz, 8 fevral kuni O`zbekistonnnin boshqa bir klubi – «Nasaf» musobaqaning aynan shu bosqichida Qatarning «Al-Jaish» jamoasiga 1:5 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan xayrlashgan edi.

«Lokomotiv»ni Toshkentda 3:1 hisobida mag`lubiyatga uchratgan «Al-Kuvayt» 3-saralash bosqichida Qatarning «Laxviya» jamoasi mehmoni bo`ladi. Yagona o`yindan iborat bosqich g`olibi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi yo`llanmasini qo`lga kiritadi.

2014 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichida O`zbekistondan faqat amaldagi mamlakat chempioni – «Bunyodkor» ishtirok etadi. Mirjalol Qosimov shogirdlari «V» guruhida Saudiya Arabistonining «Al-Fateh» va Eronning «Fulad» jamoalariga qarshi bahs olib borishadi. Guruhning to`rtinchi ishtirokchisi nomi Qatarning «Al-Jaish» va Kuvaytning «Al-Qodisiya» jamoalari o`rtasidagi pley-off saralash o`yinidan so`ng ma`lum bo`ladi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb