8 fevral kuni Qarshining «Nasaf» jamoasi OChL-2014 2-saralash bosqichi doirasida Qatarda «Al-Jaish» mehmoni bo`ldi va 1:5 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shu bilan «Nasaf»ning OChL-2014dagi ishtiroki yakuniga etdi.
O`yindan keyingi matbuot anjumanida «Nasaf» jamoasi bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev o`yin natijasida bunday yirik ko`rinish olishini kutmaganini tan oldi.
«Al-Jaish»ni yutuq bilan tabriklayman. Ular haqli g`alabaga erishdi. Bu Chempionlar ligasi.. Bu erda faqat kuchlilar o`ynaydi. Bu erda himoyada tartibli harakat qilish kerak. Hujumda vaziyatlardan foydalanish lozim. Aks holda, har qanday jamoaga qiyin bo`lishi aniq. Mag`lubiyatning sabablari ko`p: birinchidan hali bizda mavsum boshlangani yo`q. O`yin amaliyoti nisbatan kamroq. Ikkinchidan himoyada qo`pol xatolar kuzatildi. Qolaversa, «Al Jaish» futbolchilari juda yaxshi o`yin ko`rsatdi», - dedi Ro`ziqul Berdiev.
«Yo`q, hisob bu qadar yirik bo`lishini kutmagandim, albatta. Asosiy e`tiborni himoyaga qaratib o`yin ko`rsatmoqchi edik. Ammo himoyada bugun ko`p xatolarga yo`l qo`ydik. Shu sababli o`yinda hisob yiriklashib ketdi», - dedi «Nasaf» bosh murabbiyi.
«Al-Jaish» haqida nima deyish mumkin? Jamoaning OChLda g`oliblikni qo`lga kiritishi haqida gapirishga hali erta. Chunki guruh bahslariga o`tish uchun bularning oldida yana bir o`yin turibdi. Lekin bugungi o`yindan ko`rinib turibdiki, «Al Jaish» futbolchilarining saviyasi yuqori darajada. O`ylashimcha, bu jamoa Chempionlar Ligasida uzoqroq yo`l bosib o`tishi mumkin», - dedi Berdiev.