Toshkentning «Bunyodkor» klubi 6 fevral kuni Turkiya yig`ini doirasidagi ilk nazorat o`yinini o`tkazdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Polshaning «Yagelloniya» jamoasiga qarshi o`tkazilgan nazorat bahsida Mirjalol Qosimov shogirdlari 0:1 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Uchrashuv birinchi bo`limida hisob ochilmagan edi.
«Bunyodkor» birinchi bo`limda Pavel Bugalo (darvozabon), Xayrulla Karimov, Bobur Akbarov, Akmal Shorahmedov, Sahob Jo`raev, Javlon Ibrohimov, Dilshod Jo`raev, Sardor Rashidov, Bahodir Pardaev, Vohid Shodiev va ukrainalik Aleksandr Pishurdan foydalandi.
Ikkinchi bo`limda ushbu futbolchilar o`rnida Murod Zuhurov (darvozabon), ukrainalik Sergey Simonenko, Shukurali Po`latov, H. Asqarov, Rustam A`zamov, Sardor Sobirxo`jaev, Mirjamol Qosimov, Alibobo Rahmatullaev, Mansur Saidov, Zabihillo O`rinboev va Anvar Berdiev harakat qildi. Shuningdek, ikkinchi bo`limda Qosimov o`rniga maydonga Oleg Zoteev ham tushdi.
Reja bo`yicha, «Bunyodkor» Turkiya yig`ini davomida yana beshta nazorat o`yinida maydonga tushadi. Jumladan, 9 fevral «Bansko» va «Lokomotiv» (Bolgariya), 13 fevral «Torpedo» (Belorussiya) va «Ilichevets» (Ukraina), 16 fevral «Shaxtyor» (Qozog`iston) jamoalari «Bunyodkor»ga raqib bo`ladi.
Ma`lumot uchun, Turkiyada o`quv-mashg`ulot yig`inlarini olib borayotgan «Paxtakor» 1 fevral kuni Polshaning «Yagelloniya» jamoasiga qarshi maydonga tushib, Kamoliddin Tojiev tomonidan kiritilgan yagona gol evaziga g`alaba qozongan edi.