Toshkentning «Bunyodkor» jamoasi Dubay yig`ini doirasidagi mashg`ulotlari yakunlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Bunyodkor» 18 yanvardan boshlab Dubay shahrida mashg`ulotlarga kirishgan edi. Amirliklarda jamoa uchun «Jebel Ali» mehmonxonasi qarorgoh vazifasini o`tadi.
BAAdagi yig`in doirasida Rossiya premer-ligasining uchta jamoasi bilan nazorat uchrashuvlari o`tkazildi. «Bunyodkor»ning yangi a`zosi Voxid Shodiev tomonidan kiritilgan gol evaziga «Rostov» bilan 1:1 hisobida durang qayd etildi.
Moskvaning «Dinamo»si bilan kechgan bahsda hisob ochilmadi – 0:0. 30 yanvar kuni esa «Spartak»ga bir to`p farqi bilan imkoniyat boy berildi – 1:2. «Bunyodkor»ning yagona goliga Bahodir Pardaev mualliflik qildi.
«Bunyodkor» FK delegatsiyasi 1 fevral kuni kunning ikkinchi yarmida Toshkentga qaytib keladi.