Serbiyalik himoyachi Boyan Miladinovich «Paxtakor» uchun to`p tepishni davom ettiradi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`tgan mavsumning ikkinchi yarmida og`ir jarohatdan safga qaytgan Boyan ayni kunlarda «Paxtakor»ning Turkiyadagi yig`inida ishtirok etyapti. O`zining «Paxtakor» bilan shartnomasini uzaytirgani xususida Miladinovich quyidagi fikrlarni bildirib o`tdi: «Men uchun qadrdon bo`lib qolgan «Paxtakor» bilan hamkorlikni davom ettirishdan xursandman. Jamoadagi muhit juda ajoyib va hamisha o`zimni yaxshi his qilaman».
«Hozir jamoada ko`plab iqtidorli yosh futbolchilar mavjud va ularga o`z tajribam bilan yordam berishga harakat qilaman. Toshkentni esa butun oilam yoqtiradi. «Paxtakor» uchun o`ynab, ushbu shaharda istiqomat qilishdan baxtiyorman. Jamoa rahbariyatining ishonchini oqlab, sovrinlarni qo`lga kiritishda yordam berishga intilaman», - deya qo`shimcha qildi Miladinovich.