«Lokomotiv» klubi a`zolari mavsumoldi tayyorgarlik bosqichidan o`rin olgan xorij yig`inini BAAning Abu-Dabi shahrida o`tkazib qaytishdi. Unda asosiy e`tibor futbolchilarning funktsional holatini yaxshilash, shuningdek jamoaning o`yin amaliyotini shakllantirishga qaratildi. Temiryo`lchilar BAAdan qaytib kelishgach, klub matbuot xizmati jamoaning yangi a`zosi Anvar G`ofurov bilan qisqacha suhbat uyushtirdi.
- Anvar, suhbatimiz boshida biroz ortga nazar tashlasak. Siz «Lokomotiv»ning yangi futbolchilaridan birisiz. Sir bo`lmasa aytingchi, temiryo`lchilarning taklifini qabul qilishingizda qaysi omil muhim rol o`ynadi?
- «Lokomotiv»ga o`tishimga sabab – muhitni o`zgartirishga qaror qildim. O`zimni yangi qarashlarga ega jamoa va yangi murabbiylar qo`l ostida sinab ko`rishga bo`lgan hoxish kuchlilik qildi. Shu sababli «Lokomotiv» jamoasining taklifini qabul qildim.
- Yangi jamoangiz qanday taassurot qoldiryapti? Yigitlar bilan til topishishda qiynalmayapsizmi?
- Jamoa juda yaxshi taassurot qoldirmoqda. «Lokomotiv» jamoasida yaxshi futbolchilar jamlanishgan. O`ylaymanki, maydonda bir-birimizni tushunib harakat qilsak, ko`zlagan maqsadlarimizga erishsak bo`ladi.
- «Lokomotiv» tarkibidagi qaysi futbolchilar bilan ilgari ham bir jamoa safida to`p surgansiz.
- Ko`pchiligi bilan. Masalan, avval o`ynagan jamoalarimda Shadrin va Nagaevlar bilan birga to`p surganmiz. Shuningdek, «Navbahor»da Dilshod Jabborov bilan o`ynaganman. Karpenko, Hasanov (katta), To`raev hamda Nesterovlarni aytmasam ham hamma yaxshi bilishadi. Ular bilan birgalikda ko`plab yutuqlarni qo`lga kiritganmiz va endi yangi jamoam bilan ham shunday zafarli onlarni davom ettiramiz, degan umiddaman.
- Faoliyatingiz davomida himoya chizig`ining barcha nuqtalarida o`ynashga ulgurdingiz. Avval o`ng qanotda to`p surdingiz, keyin markaz va so`nggi paytlarda chap qanotda ko`rinish beryapsiz. O`zingiz uchun himoyaning qaysi nuqtasida to`p surish qulay?
- Qaerda ko`proq o`yin amaliyotiga ega bo`lsam, o`sha joyda o`ynash qulay. Tez-tez joyimni almashtirish menga ham qiyinchilik tug`diradi, chunki har bir chiziqning o`ziga xos jihatlari bor va ularni o`zlashtirish, unga moslashish uchun ma`lum vaqt kerak.
- «Lokomotiv»da murabbiylar sizni ko`proq himoya markazida sinab ko`rishmoqda. Xolbuki jamoaning markaziy himoyasida raqobat juda kuchli...
- Savolingizni tushundim. To`g`ri, «Lokomotiv»ning himoya chizig`ida ham raqobat juda yuqori. Ayniqsa himoya markazida To`xtaxo`jaev, Gogol,shuningdek yoshlar terma jamoasi a`zolari bo`lgan Yo`ldoshev va Raxmonovlar to`p surishadi. Ammo, kimning qaysi joyda o`ynashini jamoa murabbiylari hal qilishadi. Murabbiy ham o`ziga dushman emas, qaysi futbolchi qaysi ampluada yaxshiroq o`ynashiga qarab tarkib tanlaydi. Natija uchun eng avvalo murabbiy javob beradi. Shuning uchun murabbiylar qaysi joyni lozim topishsa, o`sha joyda butun vujudim bilan to`p surishga va jamoamga foyda keltirishga harakat qilaman.
- Anvar, faoliyatingiz davomida ko`plab murabbiylar bilan ishlashgansiz. Hozirda «Lokomotiv»ni boshqarayotgan Fuzaylovni sizga ustozlik qilgan murabbiylar orasida qanday o`ringa qo`yasiz?
- Bu savolingizga batafsil javob qaytarishimga biroz erta, deb o`ylayman. Chunki men jarohatim bois «Lokomotiv»ning dekabr oyidagi mashg`ulotlarida qatnasholmadim. Yanvar oyidagi mashg`ulotlarning ham dastlabki qismini davolanish bilan o`tkazib yubordim va BAAdagi yig`inga kelib jamoa bilan birga shug`ullana boshladim. Har bir murabbiyning futbolga nisbatan o`z qarashlari bo`ladi. O`tgan yillarda «Bunyodkor» safida Fuzaylov jamoasiga qarshi to`p surganmiz. Ana shu o`yinlardan xulosa qilib aytadigan bo`lsam, Hakim Qayumovich avvalo jamoaviy o`yinni birinchi o`ringa qo`yadi. Shu bilan birga «Lokomotiv» to`pni ko`proq nazorat qilish va birinchi raqamli jamoa sifatida to`p surishga intiladi. Agar Fuzaylov yomon mutaxassis bo`lganida jamoasi bilan 2-o`rinni qo`lga kiritmasdi nazarimda. Shuning o`zi temiryo`lchilar ustozi qanday saviyadagi mutaxassis ekanligini ko`rsatib turibdi.
- BAAda tashkil etilgan o`quv-mashg`ulotlar yig`ini qanday o`tdi?
- Yomon emas. Mashg`ulotlarda astoydil ishladik. Futbolchilarning shu kundagi jismoniy holati ancha yaxshi. Ushbu yig`in doirasida bir qator kuchli jamoalarga qarshi nazorat-sinov o`yinlarida ham maydonga tushdik. Raqiblarimiz jiddiy, o`z nufuziga ega klublar bo`lishdi. Ana shu o`yinlarda 3ta g`alabaga erishib, ikki o`yinda imkoniyatni boy berdik. Garchi, «Shaxtyor» hamda Xitoy jamoasiga imkoniyatni boy bergan bo`lsakda, o`yin bobida raqiblarimizga aslo yutqazmadik. Daniyaning «Brondbyu» klubi bilan o`yinimiz bekor qilindi. Bunga raqib jamoada ko`plab futbolchilarning o`sha paytda jarohat olishgani sabab bo`ldi va ularning o`rniga so`nggi pallada mahalliy jamoalardan biri bilan kuch sinashdik va bu o`yinda ham g`alaba qozondik.
- 8 fevralda «Lokomotiv» Osiyo Chempionlar ligasi saralash bahslariga kirishadi. O`yinga to`liq tayyormisiz?
- Jismoniy holatimni hisobga olsak, oxirgi o`yinlar hali to`liq tayyor emasligim ko`zga tashlanib qoldi. Buni murabbiylar ham yaxshi bilishadi. Formaga kirib olishim uchun hali ishlashim kerak.
- Bo`lajak raqiblar - «Kuvayt SK» va «Al-Shorta» klublari haqida ma`lumotga egamisiz? Raqiblarning kuchini qanday baholaysiz?
- Bu jamoalar bilan ilgari umuman to`qnash kelmaganman.Shu bois ular haqida tasavvurga ega emasman. Ammo, shuni aytishim mumkin, Osiyo Chempionlar ligasida kuchsiz raqib bo`lmaydi. Bu musobaqa o`z nomi bilan aytib turibdi – Chempionlar ligasi. Unda har bir jamoa bor kuchini berib o`ynaydi. Lekin, biz o`z maydonimizda to`p suramiz va ana shu omil jamoamiz foydasiga xizmat qilishi mumkin.
- Anvar, samimiy suhbatingiz uchun rahmat. Yangi mavsumda sizga omadlar tilaymiz.