«Nasaf»ning maqsadi – OChL guruh bosqichi yo`llanmasi

Avval xabar qilganimizdek, «Nasaf» jamoasi a`zolari kuni kecha ilk xorijiy yig`inni yakunlab, yurtimizga qaytib kelishdi. Bu haqda jamoa bosh murabbiy Ro`ziqul Berdiev klub matbuot xizmati vakillariga ushbu yig`in haqida quyidagilarni ma`lum qildi:

- Yig`in davomida 6 nazorat uchrashuvini o`tkazishni rejalashtirgandik. Bitta o`yini o`zimiz bekor qildik, yana bir o`yin ob-havoning biroz noqulay kelganligi uchun o`tkazilmadi, - deya so`z boshladi Ro`ziqul Sa`dullaevich. -O`sha so`nggi o`yinni o`tkazish biz uchun ancha ahamiyatli edi. Shunga qaramay barcha jarayon reja asosida o`tdi. Yigitlarimiz oz bo`lsa-da, o`yin amaliyotiga ega bo`lishdi. Keyingi, BAAda bo`ladigan yig`inda yana bitta nazorat o`yini o`tkazib, asosiy e`tiborni 8 fevral kuni Qatarning «Al-Jaish» jamoasiga qarshi bo`ladigan o`yinga qaratamiz.

- Jamoa Turkiya yig`iniga ketishi oldiday tarkibga o`rinbosarlar safida harakat qilayotgan bir qator yoshlarni ham jalb etdingiz. Ular sizda qanday taasurot qoldirdi, o`zlariga bildirilgan ishonchni oqlay olishdimi?
- Yoshlarni asosiy tarkibga jalb etish doimo bizning asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Ayni paytda Ulug`bek Dadaboev, Odil Hamrobekov, Doniyor Narzullaev singari futbolchilari biz bilan mashg`ulotlarda ishtirok etishmoqda. Yangi mavsumda bulardan umidimiz katta. O`ylaymanki, yangi mavsumda asosiy jamoaga ularning yordami tegadi. Yig`in davomida ularning imkoniyatlarini yana bir bor chamalab oldik.

- OChLdagi raqib – «Al-Jaish»da so`nggi paytlarda jiddiy o`zgarishlar kuzatilmoqda. Garchi jamoa mag`lubiyatlar girdobiga o`ralashib qolgan bo`lsa-da, keyinchalik ularda murabbiy almashdi. Hujum chizig`iga braziliyalik hujumchi taklif etildi. Umuman raqibning hozirgi holati haqida nimalar deya olasiz?
- Albatta, biz raqib jamoadagi holatni doimiy ravishda kuzatib, tahlil qilib borayapmiz. Ularda ayni paytda katta o`zgarishlar kuzatilmoqda. Murabbiydan tashqari braziliyalik Nilmar bilan shartnoma qilishmoqchi. Ular oxirgi bir nechta o`yinda mag`lubiyatga uchrashgandi. Ammo Qatar chempionatining eng so`nggi uchrashuvida ular safarda «Al-Sadd»ni mag`lub etishdi. Ushbu uchrashuv vidoyozuvini to`liq ko`rib chiqdim. Jamoa yaxshi o`yin ko`rsatib, g`alabaga erishdi. Bu ham ruhiy tomondan jamoaga ancha dalda bo`ladi. Lekin bizning ham asosiy maqsadimiz OChL guruh bosqichiga yo`l olish. Mana shu maqsad uchun tayyorgarlik ko`rayapmiz.

- Jamoaga «Bunyodkor»dan yangi taklif etilgan Igor Taran Turkiyadagi yig`inda besh marotaba raqib darvozasini ishg`ol etdi. Bu futbolchini jamoa tarkibiga kirshib keta oldi deb hisolash mumkinmi?
- Albatta, bizga aynan Taranga o`xshagan futbolchi zarur edi. Birinchidan uning o`ziga yarasha tajribasi bor. Ikkinchi tomondan uning o`yin uslubi bizga ancha mos tushardi. So`nggi mavsumda aynan hujum chizig`ida vaziyatni o`z qo`liga oladigan hujumchiga ehtiyoj sezdik. Aynan shu kamchilikni barataf etish uchun Igorni jamoaga takli qilgandik. Yig`in davomida u o`ziga bildirilgan ishonchni oqladi. Bundan keyin ham bu futbolchiga ishonishda davom etamiz. Qolaversa, Taran jamoamizda hujum chizig`idagi raqobatni ancha kuchaytirishiga ham xizmat qilishi aniq. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb