«Bunyodkor» va JAKO kompaniyasi hamkorligi davom etadi

Ayni paytda «Bunyodkor» futbol klubi tijorat direktori Ayniddin G`iyosov Germaniyaning Frankfurt shahrida bo`lib turibdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabaringiz bor, 2011 yilda «Bunyodkor» futbol klubi va Germaniyaning JAKO kompaniyasi o`rtasida ikki yillik shartnoma imzolanib, unga ko`ra shu vaqt mobaynida «qaldirg`ochlar» mazkur firma tomonidan ishlab chiqariladigan liboslardan foydalanishlari ko`zda tutilgan edi. Oradan ikki yil o`tib, kelishuv muddati nihoyasiga etdi.

«Bunyodkor» FK va JAKO kompaniyasi o`rtasida navbatdagi muzokaralar bo`lib o`tdi. Germaniyaning Frankfurt shahrida JAKO kompaniyasi prezidenti - boshqaruv raisi Rudi Shryugel, kompaniya vitse-prezidenti Xans Verkle va «Bunyodkor» FK tijorat direktori Ayniddin G`iyosov o`rtasidagi muhokama natijasida yangi shartnoma imzolandi.

- «Bunyodkor» futbol klubini Osiyo qit`asida qanday nufuzga ega ekanligini juda yaxshi bilamiz. Jamoaning Osiyo Chempionlar ligasida muntazam ravishda ishtirok etib, ijobiy natijalar qayd etayotganidan ham yaxshi xabardormiz. Bunday jamoa bilan hamkorlik qilayotganimizdan xursandmiz. Aynan «Bunyodkor» orqali JAKO kompaniyasi liboslari Osiyo bozorida yanada ommalashishiga ishonamiz, - deydi JAKO kompaniyasi prezidenti - boshqaruv raisi Rudi Shryugel.

- Ikki yildan buyon JAKO liboslaridan foydalanib kelyapmiz. Ushbu kompaniya liboslarining sifati va qulayligi «Bunyodkor» klubini qoniqtiradi. Shuningdek, JAKOning zamonaviy dizayni ham boshqalardan alohida ajralib turadi. Aynan «Bunyodkor» FK uchun tikilayotgan liboslarni o`z ko`zim bilan kuzatib chiqdim. O`ylaymanki, «Bunyodkor»ning yangidan-yangi cho`qqilarni zabt etishida ushbu kompaniyaning ham o`ziga xos hissasi bo`ladi, - deydi «Bunyodkor» FK tijorat direktori Ayniddin G`iyosov.

Demak, «Bunyodkor» FK va JAKO kompaniyasi o`rtasidagi hamkorlik davom etadi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb