25 yanvar, shanba kuni «Lokomotiv» klubi a`zolari BAAda o`tkazilgan ikki haftalik nazorat-sinov yig`inini yakunlab, Toshkentga qaytib kelishadi. Abu-Dabida tashkil etilgan yig`inga 24 yanvar, juma kuni Rossiya premer-ligasi vakili «Ural»ga qarshi kechgan nazorat-sinov uchrashuvi yakun yasab berdi. Mazkur uchrashuvdan so`ng «Lokomotiv» matbuot xizmati jamoa markaziy himoyachisi Evgeniy Gogol bilan suhbat uyushtirdi.
- Jenya, ahvollar yaxshimi? BAAdagi yig`in qanday kechmoqda? Mashg`ulotlarda asosan nimaga e`tibor qaratilyapti?
- Yig`in yaxshi o`tmoqda. Mashg`ulotlar jarayonida asosan jismoniy tayyorgarligimizni oshirishga e`tibor qaratmoqdamiz. Ochig`i, mashg`ulotlardagi yuklamalar natijasida oyoqlarimizda toliqish sezilmoqda. Bu foydamizga ishlashi shubhasiz. Shuningdek, mashg`ulotlarda yugurishga ham ko`p e`tibor qaratilmoqda. Asosiy maqsad – jismoniy holatimizni yaxshilash. O`ylaymanki, BAAda o`tkazilgan o`quv-mashg`ulotlar yig`inida yangi mavsum uchun etarlicha kuch to`plashga muvaffaq bo`ldik.
- Mashg`ulotlar qanday rejimda o`tkazilmoqda? Kuniga necha mahaldan mashg`ulot olib boryapsizlar?
- Asosiy guruhdagilar kuniga ikki mahaldan shug`ullanmoqdamiz. Ba`zi futbolchilar uchun uch mahal mashg`ulotlar joriy etilgan. Bu futbolchilar jamoamizning dekabr oyidagi o`quv-mashg`ulotlar yig`inini o`tkazib yuborishgan. Ular ertalab badantarbiya qilishadi, keyin yugurishadi va trenajyorda shug`ullanishadi. Men ham jamoamizning dekabr oyidagi mashg`ulotlarini o`tkazib yuborgandim. Shu sababli dastlabki 8 kun ertalabdan turishimga to`g`ri keldi. Oxirgi kunlarda esa umumiy guruh bilan bir xil rejimda shug`ullanyapman.
- Hozir amirliklarda ob-havo qanday? Bilishimcha, kunning birinchi yarmida harorat 20 darajadan issiq bo`layotgan ekan, to`g`rimi?
- Yo`q. Ob-havo u qadar issiq emas, nisbatan salqin. Faqat bugun havo odatdagidan issiqroq bo`ldi. Umuman olganda Abu-Dabida hozir futbol o`ynaydigan havo hukm surmoqda. Bu esa charchoqni tez engishga yordam beradi.
- So`nggi ikki raqibimiz – «Shaxtyor» va «Ural» jamoalari qaysi jihatlarda bizdan ustun ekan. Umuman, so`nggi ikki o`yin haqidagi fikrlaringiz?
- «Shaxtyor» mahorat bobida bizdan ustun ekanligi barchaga ma`lum. Ularni tarkibida to`p suradigan legionerlar falon pul turishadi, boz ustiga ko`pchiligi braziliyalik futbolchilar. Qolaversa, jamoa muntazam UEFA chempionlar ligasida to`p surib keladi. To`p bilan ishlash va taktika borasida ular bizdan ancha o`zib ketishgan. Ammo, jismoniy tayyorgarlik, fizik ko`rsatkichlar va o`yinga o`zini baxshida etish bobida biz bir safdamiz, aniqrog`i ushbu omillar bo`yicha Ukraina chempioniga yutqazmadik hisob. O`yin davomida bizda ham imkoniyatlar bo`ldi. Agar o`yin oxirida darvozamiz tomon penalti bo`lmaganida yoki Raximov hamda Shevchenkolar birga-bir vaziyatdan unumli foydalanishganida ehtimol g`alaba qozonishimiz ham mumkin edi. «Ural»ga to`xtaladigan bo`lsak, Rossiya klubini mahorat hamda futbolchilar tarkibi borasida bizdan ustun demagan bo`lardim. Futbolchilar bo`yicha olib qaraydigan bo`lsak, ba`zi jihatlarda raqibimizdan qiziqarliroqdek ko`rindik. Faqat, ularda futbolchilar tanlovi borasida imkoniyat ko`proq edi. Adashmasam yig`inda ularning safida 35tacha futbolchi ishtirok etmoqda. O`zaro o`yinimiz davomida ularda 25tacha futbolchining maydonga tushgani ham fikrimni tasdiqlaydi. Lekin, uchrashuv davomida ularga aslo yutqazmadik. Gollar ikkinchi bo`limda kiritildi. Dastlab Shevchenko hisobni ochgan bo`lsa, keyin Shadrin ustunligimizni mustahkamladi.
- So`nggi savol: «Lokomotiv»ga kelib qo`shilgan futbolchilar jamoani qanchalik ko`chaytirishdi? Bu yilgi «Lokomotiv»ni o`tgan yilgi jamoadan kuchli bo`ladi, deyish mumkinmi?
- Shak-shubhasiz. Bugungi «Lokomotiv» o`tgan yilgidan ancha ko`chaygan. Biz bu yil o`tgan yilgidan ancha yaxshi ishtirok etishimiz kerak. «Bunyodkor»dan kelgan to`rt nafar yangi futbolchi, ikki nafar legioner jamoamizni yaxshigina ko`chaytirishadi. O`tkazilgan o`yinlarda ko`rdikki, yangi o`yinchilar o`z vazifalarini yaxshi, aql bilan bajarishadi. «Qayrat», Xitoy klubi, hattoki «Shaxtyor» bilan o`yinlarda ular o`zlarining nimaga qodirligini ko`rsatishdi. To`g`ri, donetskliklar bizdan ancha kuchli, ular maydonda aqlli o`yin ko`rsatishadi, mahoarti ham yuqori. Biroq, agar Ukraina chempioniga qarshi o`yin rasmiy maqomida bo`lganida, hisob qanday bo`lishini aytish qiyin edi. Bu bilan «Shaxtyor»ni mag`lub etardik, demoqchi emasman, lekin ularga oson bo`lmasdi. Xullas, bu yil jamoamiz o`tgan yilgidan yaxshiroq natija qayd etishi kerak, deb o`ylayman.