O`tgan mavsumni Xitoy superligasida o`tkazgan Kamoliddin Tojiev «Paxtakor»ga qaytdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uch yilga yaqin vaqt mobaynida «Jiangsu Seynti» klubida to`p tepgan Tojiev uchun «Paxtakor» qadrdon jamoa hisoblanadi. U boshqa klublar safida o`ynab, hamisha «Paxtakor» safiga qaytgan.
Bu safar ham bir qancha muddat jamoa mashg`ulotlarida ishtirok etgan tajribali futbolchi Turkiya yig`iniga jo`nab ketishi arafasida u bilan kelishuvga erishildi. «Paxtakor» menejeri Samvel Babayan ushbu ma`lumotni rasman tasdiqladi.
«Futbolchilik faoliyatimda «Paxtakor» hamisha muhim o`rin tutib kelgan. Bu jamoa safida o`sishga erishib, Xitoy chempionatida to`p tepdim. O`zim uchun qadrdon jamoa sanalgan «Paxtakor» safiga qaytganimdan xursandman. Endi jamoa rahbariyati va muxlislar ishonchini oqlagan holda g`alabalarga hissa qo`shishga harakat qilaman. Umid qilamanki, 2014 yilni biz sovrinlar bilan yakunlaymiz», - deya voqea munosabati bilan o`z fikrlarini bildirdi Kamoliddin Tojiev.