Turkiyada o`quv-mashg`ulot yig`inini o`tkazayotgan «Nasaf» yig`in doirasida ilk nazorat uchrashuvini Albaniya vitse-chempioni «Kukesi» jamoasiga qarshi o`tkazib, 2:1 hisobida g`alaba qozondi. Bu haqda «Nasaf» matbuot xizmati xabar bermoqda.
«O`yinda hisobni mohir himoyachimiz Alisher Yusupov ochdi. O`tgan mavsumda jiddiy jarohat olib, ancha vaqtgacha maydonga tusholmagan shahrisabzlik himoyachi ayni paytda yana avvalgi «forma»sigi kirib bormoqda. Uning chamasi 25 metrlar uzoqlikdan yo`llagan jarima to`pini «Kukesi» posboni bartaraf etishga ojizlik qildi. Keyinchalik evropalik futbolchilar o`yinda muvozanatni tiklashdi. Ikkinchi bo`limda esa Kenja To`raevning ajoyib to`p uzatishidan keyin Farruh Sayfiev «Nasaf»ga g`alaba keltiruvchi golga mualliflik qildi», - deyiladi «Nasaf» xabarida.
Uchrashuvda «Nasaf» quyidagi tarkibda harakat qildi: Mixail Naumov, Botir Qoraev, Sherzod A`zamov, Hamza Karimov, Alisher Yusupov, Erkin Baydullaev, Ilhom Yunusov, Artur Gevorkyan, Laziz Ubaydullaev, Ilhom Shomurodov, Igor Taran.
Zaxiradan maydonga tushganlar: O`tkir Yusupov, Maqsud Karimov, Shuhrat Muhammadiev, Ulug`bek Dadaboev, Najmiddin Normurodov, Kenja To`raev, Azamat Allaniyazov, Doniyor Narzullaev, Mirzamurod Jo`raboev, Obid Mamotov.
«Nasaf» futbolchilari navbatdagi nazorat uchrashuvini 15 yanvar kuni «Shaxtyor» (Qarag`anda) jamoasiga qarshi o`tkazishadi.