2010-2011 yillar «Olmaliq» tarkibida to`p surgan himoyachi Abduqahhor Hojiakbarov yangi mavsumda yana shu jamoa sharafini himoya etadi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shuningdek, o`tgan mavsum «NBU-Osiyo» safida o`ynagan darvozabon Abror Karimov ham mashg`ulotlarga qo`shilgan. 10 yanvar kuni Turkmanistondan kelib mashg`ulotlarda qatnashgan Arslonmurod Omonov jamoani tark etdi. 12 yanvar kuni esa jamoa tarkibiga himoyachi Darko Stanoevich va uning ikki hamyurti Aleksandr Alimpievich va Vladimir Radivoevichlar qo`shilishi kutilayotgan edi.
«Olmaliq» 14 yanvar kuni «Paxtakor» bilan nazorat o`yini o`tkazgach, futbolchilarga ikki kunlik ta`til beriladi.
17 yanvardan mashg`ulotlar Olmaliqda davom ettiriladi. Rejaga ko`ra jamoa bir qator nazorat o`yinlari o`tkazadi. 21 yanvarda Farg`onaning «Neftchi», 25 yanvar kuni Muborakning «Mash`al», 30 yanvar kuni Samarqandning «Dinamo», 3 fevral kuni Buxoroning «Buxoro» va 7 fevral kuni Bekobodning «Metallurg» jamoalari sparring raqib vazifasini o`tashadi.