
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi jahon klublarining 2013 yilgi reytingini e`lon qildi. Unga ko`ra, o`tgan yilning eng kuchli 200 klubi safidan O`zbekistondan faqat bitta jamoa o`rin olgan.
Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubi 2013 yil yakunlariga ko`ra jahonning eng kuchli 200 klubidan biriga aylandi. Jamoa 2013 yil davomida O`zbekiston chempionati va Kubogi bahslarida g`olib chiqdi, shuningdek, Osiyo Chempionlar ligasida nimchorak final bosqichiga qadar etib bordi. Ushbu natijalar jamoaga IFFHS tomonidan 97,5 ball berilishiga, bu esa, o`z navbatida, jamoaning 200talik reytingda 172-pog`onani band etishiga sabab bo`ldi.
Osiyo klublari orasida «Guangchjou Evergrand» (Xitoy, jahon bo`yicha 34-o`rin), «Seul» FK (Janubiy Koreya, 51), «Istiqlol» (Eron, 67), «Ash-Shabob» (Saudiya Arabistoni, 84) va «Poxang Stilerz» (Janubiy Koreya, 91) peshqadamlik qilayotgan bo`lsa, MDH klublari orasida «Rubin» (Rossiya, 11), «Zenit» (Rossiya, 29), «Shaxtyor» (Ukraina, 62), «Chernomorets» (Ukraina, 64), «Dnepr» (Ukraina, 74-75) va «Dinamo» (Ukraina, 74-75) jamoalari etakchilikni qo`lga olgan.
Umumiy reytingda 2012/2013 yilgi mavsum Chempionlar Ligasi g`olibi, Myunxenning «Bavariya» klubi peshqadamlik qilmoqda. Undan keyingi o`rinlarni Ispaniyaning «Real» (2), «Atletiko» (4) va «Barselona» (5), shuningdek, Angliyaning «Chelsi» (3) jamoalari band etgan. Kuchli o`nlikda, bundan tashqari, «PSJ» (Frantsiya), «Bazel» (Shveytsariya), «Atletiko Mineyro» (Braziliya), «Tottenhem» (Angliya), «Benfika» (Portugaliya) jamoalarini ko`rish mumkin.
IFFHS’ning 2013 yil eng kuchli klublari reytingi bilan tashkilot saytida to`liq tanishish mumkin.