«Qizilqum» ikkinchi yig`inni 5 yanvardan boshlaydi

«Qizilqum» jamoasi 2014 yilgi mavsumga tayyorgarlikning birinchi bosqichi yakuniga etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Qizilqum» jamoasi a`zolari yangi mavsum taraddudini 18 dekabrda Navoiy shahrida boshlashgandi. Dastlabki o`quv-mashg`ulot yig`inida asosan mahalliy o`yinchilar ishtirok etdilar. Kuniga bir martadan tashkil qilingan mashg`ulotlarda bosh murabbiy Yuriy Lukin o`ttizga yaqin futbolchilarning jismoniy tiklanishiga jiddiy e`tibor qaratdi. Rejaga ko`ra, 28 dekabr kuni yig`inda qatnashayotgan futbolchilar ikki jamoaga bo`linib o`zaro kuch sinashdilar.

Bosh murabbiy Yuriy Pavlovichning ta`kidlashicha, dastlabki bosqich mashg`ulotlarida futbolchilarning asosan jismoniy holatiga ahamiyat berilgan. Ulardan yigirma nafarga yaqini yanvarda boshlanadigan navbatdagi yig`inga ham jalb etiladilar. Shuningdek, keyingi mashg`ulotlarda taniqli hujumchi Vladimir Shishelov ham qatnashadi.

«Bundan tashqari, o`tgan mavsumni «Bunyodkor», «Nasaf», «Lokomotiv», «Neftchi», «Buxoro», «Metallurg» kabi jamoalarda yakunlagan yana bir qator tajribali o`yinchilar ham «Qizilqum» murabbiylari ko`rigidan o`tish istagini bildirishgan. Ularning nomlariga yana bir haftadan keyin aniqlik kiritish mumkin», - deyiladi klub xabarida.

Klub rahbariyati tomonidan jamoa a`zolari uchun 2014 yilning 5 yanvariga qadar qisqa muddatli ta`til e`lon qilindi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb