Toshkentning «Bunyodkor» jamoasi mavsumlar oralig`ida o`z tarkibiga yangi futbolchilarni qo`shib olishni davom ettiryapti. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Bunyodkor» uchun begona bo`lmagan darvozabon – Pavel Bugalo yana «qaldirg`ochlar» safiga qaytdi. U 2007-2009 yillar mobaynida «Bunyodkor» tarkibida O`zbekiston chempionati, mamlakat kubogi va Osiyo Chempionlar ligasi bahslarini qo`shib hisoblaganda jami 69ta uchrashuvda maydonga tushgan. Bugalo jamoamiz safida O`zbekiston chempioni (2008-2009), O`zbekiston kubogi sohibi (2008) va Osiyo Chempionlar ligasi yarim finalchisi (2008) degan sharafli nomga sazovor bo`lgan», - deyiladi klub xabarida.
2013 yilning birinchi davrasini Toshkentning «Lokomotiv» klubida o`tgan darvozabon keyinchalik erkin agentga aylangan edi. Endilikda tajribali posbon bilan «Bunyodkor» bir yillik shartnoma tuzdi.
«O`zining 19ta goli bilan 2013 yilgi O`zbekiston chempionati to`purari nomiga ega chiqqan Aleksandr Pishur bugun «Bunyodkor» bilan yangi shartnomaga imzo chekdi. Bungacha Sasha klub raxbariyati bilan og`zaki kelishuvga erishgan edi. 23 dekabr kuni esa bu kelishuv xujjatda rasmiylashdi», - deya qo`shimcha qilingan «Bunyodkor» xabarida.