21 dekabrdan «Navbahor» a`zolari yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlashdi. 29 dekabrga qadar o`tkaziladigan mashg`ulotlarda asosan mahalliy futbolchilarni ishtirok etishlari ko`zda tutilgan, deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.
Kuniga bir mahaldan o`tkaziladigan mashg`ulotlarga bosh murabbiy Mustafo Bayramov boshchilik qilmoqda. Dastlabki yig`inda futbolchilarning jismoniy holatini tiklashga e`tibor qaratiladi. Umumiy hisobda dastlabki kungi mashg`ulotda 20-24 nafar futbolchi qatnashmoqda.
2013 yilgi chempionatda «Navbahor» sharafini himoya qilgan Ro`zim Ahmedov, Rustam A`zamov va Pavel Leuslar kelgusi faoliyatlarini boshqa klublarda davom ettirishlari oydinlashdi. Shuningdek, mavsumning so`nggi qismini jarohati tufayli o`tkazib yuborgan Ilhom Boydedaev ham "Neftchi" safida shug`ullanmoqda.
Qolgan futbolchilardan hali hech kim jamoadan ketishini bildirib rahbariyatga murojaat qilmadi. Yakuniga etgan chempionat so`nggida jamoada maslahatchi murabbiy sifatida ish boshlagan No``mon Hasanov yanvar oyida boshlanadigan yig`inda ishini davom ettiradi.
Jamoaning tayyorgarlik rejasi xususida fikr yuritadigan bo`lsak, 2014 yilning 3 yanvaridan 19 yanvariga qadar o`tkaziladigan mashg`ulotlar Namangan shahrida tashkil etiladi. 22 yanvardan esa «Navbahor» tayyorgarlikni Toshkentda davom ettiradi. Fevral oyining dastlabki o`n kunligi oralig`ida Turkiyaga safar uyushtirish ham rejalashtirilmoqda. Agarda ushbu reja amalga oshadigan bo`lsa «Navbahor» Turkiyada ikki haftalik yig`in o`tkazish imkoniga ega bo`ladi.