Vladimir Shishelov «Qizilqum»ga qo`shilishi mumkin

O`zbekiston XXII milliy chempionati oliy ligasida o`z mavqeini saqlab qolgan Navoiyning «Qizilqum» jamoasi yangi mavsumda o`z oldiga jiddiy maqsadlarni qo`ymoqda. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qishki ta`tilni yakunlagan konchilar 20 dekabrdan mashg`ulotlarga kirishdi. Jamoa a`zolari Yuriy Lukin bosh murabbiyligida ilk yig`inni 30 dekabrga qadar o`z qarorgohlarida tashkil etishni rejalashtirishgan.

Ayni paytda Navoiydagi «So`g`diyona» stadionida uyushtirilayotgan mashg`ulotlarda yigirma besh nafar futbolchi ishtirok etyapti. Unda asosan o`yinchilarning jismoniy tiklanishiga e`tibor qaratilmoqda.

Tarkibda o`zgarishlar xususida shuni aytish mumkinki, o`tgan mavsumning ikkinchi yarmida «Olmaliq», «So`g`diyona», «Nasaf» futbol klublaridan taklif qilingan va ijara asosida to`p surgan barcha futbolchilar o`z jamoalari ixtiyoriga qaytib ketishgan.

«Qizilqum» futbol klubi bosh direktori Hamid Aktamovning bildirishicha, yangi mavsumda navoiyliklarning munosib ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Jumladan, hozirda bir qator tajribali va etakchi futbolchilar bilan muzokaralar olib borilyapti. Ularning nomi klub bilan rasman shartnoma tuzilgach, ma`lum qilinadi.

Ammo, shuni ta`kidlash mumkinki, mo`ljaldagi futbolchilar o`tgan mavsumda «Lokomotiv», «Bunyodkor», «Neftchi», «Nasaf», «Metallurg» jamoalarida to`p tepgan. Bundan tashqari, mamlakatimiz muxlislariga yaxshi tanish bo`lgan va Navoiy futboli maktabi tarbiyalanuvchisi, hujumchi Vladimir Shishelovning ham «Qizilqum» tarkibiga qo`shilishi kutilmoqda.

Ayni chog`da mashg`ulotlarda ishtirok etayotgan futbolchilarni asosan mahalliy o`yinchilar tashkil etadi. Yangilarning esa Yangi yil bayramidan so`ng, aniqrog`i, 5 yanvardan Navoiy shahrida davom ettiriladigan navbatdagi bosqich o`quv-mashg`ulot yig`iniga kelib qo`shilishi kutilmoqda.

mib
uzcard
cola
apex
bmb