Osiyo Chempionlar Ligasi-2014 pley-off bahslaridagi ishtiroki tufayli mavsumoldi o`quv-mashg`ulotlar yig`iniga boshqa klublardan ertaroq kirishgan «Lokomotiv» klubi a`zolari shu kunlarda mashg`ulotlarga zo`r berishmoqda. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Bugundan mashg`ulotlarga temiryo`lchilarning yangi xaridi Anvar G`ofurov ham kelib qo`shildi. Shuningdek, bir muddat Qozog`istonning «Astana» klubi ko`rigida qatnashgan Islom To`xtaxo`jaev ham «Lokomotiv» mashg`ulotlarida ishtirok etmoqda. Jarohati bois Mavsum-2013ning ikkinchi yarmini o`tkazib yuborgan Ignatiy Nesterov mashg`ulotlarda individual tarzda shug`ullanishni boshlab yuborgan. Uning qachon safga qaytishi esa yanvar oyida Germaniyaga borib nemis shifokorlari ko`rigidan o`tgach ma`lum bo`ladi», - deyiladi klub xabarida.
«Darvoqe, jamoa mashg`ulotlarida bir qator yangi futbolchilar ham ko`rikdan o`tishmoqda. Bunga o`tgan mavsumni «Neftchi» safida o`tkazgan Eldor Isaboev, «Olmaliq» klubi sharafini himoya qilgan Roman Abdulov, «Lokomotiv-BFK» yarim himoyachisi Sarvarbek Safarov shular jumlasidan. Bundan tashqari mashg`ulotlarda yana ikki nafar xorijlik futbolchi ham ishtirok etishyapti. Ushbu futbolchilar mashg`ulotlarda o`zlarini har tomonlama ko`rsatishga harakat qilishadi. Mashg`ulotlar kuniga ikki maxaldan davom etmoqda», - deya qo`shimcha qilinadi xabarda.