10 dekabrda Toshkentda to`planib, tibbiy ko`rikdan o`tgan «Nasaf» futbolchilari ayni kunlarda Qarshi shahrida yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlab yuborishgan. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Jamoa mashg`ulotlarni kuniga ikki mahaldan klub bazasida, «Markaziy» stadionda joylashgan mashg`ulotlar maydonida davom ettirmoqda», - deyiladi klub xabarida.
O`tgan mavsumda jamoa tarkibida harakat qilgan barcha futbolchilar mashg`ulotlarda qatnashishmoqda. Ikkinchi davrada jarohat olib, ma`lum muddatga safdan chiqqan Shohruh Gadoev va Erkin Boydullaev ham individual tarzda mashg`ulotlarni boshlashgan. Shuningdek, o`tgan mavsumda ijara asosida «Dinamo» va «Qizilqum»da to`p tepgan Nodir Sanaqulov va Eldor Boymatov ham jamoa bilan birga.
O`tgan mavsumda o`rinbosarlar tarkibida harakat qilgan darvozabonlar Ubaydulla A`loxonov, Alibek Turopov, himoyachi Tohir Abdurazzoqov, yarim himoyachi Najmiddin Nomurodov ham asosiy tarkib a`zolari bilan mashg`ulotlarni o`tkazishmoqda.
Qarshiliklar Yangi yilga qadar Qarshida mashg`ulotlarni davom ettirishadi va yanvar oyida ilk xorijiy yig`inni Turkiyada o`tkazishadi.