«Andijon» yangi mavsumga tayyorgarlikni 18 dekabrda boshlaydi

«Andijon»ning yangi mavsumga tayyorgarlik rejasi tuzib bo`lingan. Bu haqda jamoa bosh murabbiyi Azamat Abduraimov klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida ma`lum qildi.

«Mavsumga tayyorgarlikni 18 dekabr kuni boshlaymiz. Bu yig`in futbolchilar uchun tiklanish jarayoni bo`ladi. Dastlabki yig`inimiz Andijonda 29 yo 30 dekabrga qadar davom etadi. Ushbu yig`in chog`ida ob-havoga qarab bir yoki ikkita nazorat o`yini o`tkazishni ham rejalashtirganmiz. Shundan so`ng Yangi yil bayrami munosabati bilan futbolchilarga qisqa muddatli dam beramiz. Yanvar oyidan esa tayyorgarlikka astoydil kirishamiz. Yanvarning dastlabki haftalarida Toshkentga borib yig`in boshlaymiz», - dedi Abduraimov.

«Poytaxtdagi birinchi yig`inda e`tiborni jismoniy tayyorgarlikni oshirishga qaratamiz. Shuning uchun bir hafta tog`li xududlarda shug`ullanishimiz ham mumkin. Yanvar va fevral oyidagi yig`inlarimizning barchasi Toshkentda o`tadi deb o`ylayman. Chunki qishda mashg`ulotlar o`tkazish uchun poytaxtda yaxshi sharoitlar bor. Va eng asosiysi sparring-raqiblar topish uchun eng yaxshi joy Toshkentdir. Andijonda shug`ullansak o`ynash uchun munosib raqiblar topishimiz mushkul bo`ladi», - dedi «Andijon» bosh murabbiyi.

«Yanvar oyida asosiy e`tiborni mashg`ulotlarga qaratsak, fevralda PFL Kubogi turnirida qatnashamiz. Bundan tashqari nazorat o`yinlarida maydonga tushib futbolchilarni sinovdan o`tkazamiz. Mana shu o`yinlar orqali tarkibni shakllantirib olamiz», - dedi Abduraimov. Uning qo`shimcha qilishicha, qishki yig`inlar davomida bir qator yangi o`yinchilar ko`rikdan o`tkaziladi, qolaversa, jamoaga legionerlar ham taklif etiladi.
 

mib
uzcard
cola
apex
bmb