Ro`ziqul Berdiev: «Finalni «Nasaf» muxlislari uchun bayramga aylantirishni istaymiz»

«Nasaf»ning jismoniy tayyorgarligi 120 daqiqa davomida yuqori saviyada o`yin ko`rsatishga etadi. Bu haqda jamoa bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev 2013 yilgi O`zbekiston Kubogi final o`yini arafasida tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib o`tdi.

Qarshining «Nasaf» jamoasi o`z tarixida to`rtinchi marta, ketma-ket uchinchi marta O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi yo`llanmasini qo`lga kiritdi. Xususan, 2013 yilgi final o`yinida aynan Ro`ziqul Berdiev qo`l ostidagi «Nasaf» aynan «Bunyodkor»ga imkoniyatni boy bergandi. Biroq «Nasaf» bu safar hammasi boshqacharoq bo`lishiga va`da bermoqda.

«O`zbekiston Kubogi finaliga eng loyiq jamoalar etib keldi, deb hisoblayman. Final o`yini arafasida g`oliblikka da`vogar har ikki jamoaning imkoniyatini teng baholagan bo`lardim. «Nasaf» uchun bu tarixdagi to`rtinchi imkoniyat va ushbu imkoniyatdan unumli foydalanish uchun barcha choralarni ishga solamiz. Tayyorgarlimiz ham yuqori darajada», - dedi Ro`ziqul Berdiev.

Finaloldi matbuot anjumanlarining birinchi qismida «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov «Nasaf» etakchilaridan biri – Artur Gevorkyanning salohiyati yuqori ekanligini tan olib, shogirdlari uni yopishga harakat qilishlarini aytib o`tgan edi.

«Bo`lajak raqibimiz – «Bunyodkor» - juda kuchli tarkib, kuchli murabbiyga ega bo`lgan jamoa. Agarki, «Bunyodkor» Gevorkyanga ko`proq e`tibor qaratmoqchi bo`lsa, bu, albatta, «Nasaf»ga yaxshi bo`lardi. Bizda Artur Gevorkyandan boshqa futbolchilar ham o`yin taqdirini hal qilish salohiyatiga ega, bunday holatda, aynan ularda imkoniyatlar oshadi. Biz bir futbolchiga bog`lanib qolmaganmiz, jamoaviy o`yinni shakllantirishga harakat qilamiz. Umuman, jamoaning hozirgi o`yini mavsum boshidagiga nisbatan yaxshilangan, deb hisoblayman», - dedi «Nasaf» ustozi.

«Nasaf» Kubok finali arafasida Oliy Liga doirasida ikki og`ir o`yinni o`tkazdi. Dastlab Toshkentda «Lokomotiv» mehmoni bo`lgan Berdiev shogirdlari 0:2 hisobida imkoniyatni boy berishi, so`ngra Qarshida «Paxtakor»ga qarshi kechgan o`yinda 1:1 hisobida durang o`ynadi. E`tiborli tomoni, har ikkala o`yinda ham gollar ikkinchi bo`limda qo`yib yuborildi.

«Futbolda jismoniy tayyorgarlikdan ham avval ruhiy tayyorgarlik ustun turadi. Futbolchilarimiz ko`pdan beri O`zbekiston Kubogi final o`yini haqida o`ylashadi. «Lokomotiv» va «Paxtakor»ga qarshi o`yinlarda aynan mana shu jihat pand berdi, biz futbolchilarni ushbu o`yinlarga ruhiy jihatdan tayyorlay olmadik. Biroq, ishontirib aytamanki, «Nasaf»ning jismoniy tayyorgarligi 120 daqiqa davomida o`ynashga ham etadi. «Lokomotiv» va «Paxtakor»ga qarshi o`yinlarni Kubok finali bilan taqqoslashni noo`rin deb hisoblayman. Finalning ahamiyati juda yuqori va buni barcha futbolchilarimiz juda yaxshi his qilib turishibdi», - dedi Ro`ziqul Berdiev.

2013 yilgi O`zbekiston Kubogi final o`yini arafasida «Nasaf» tarkibida bir qator jiddiy yo`qotishlar bor. Jumladan, Shohruh Gadoev jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqan bo`lsa, «Paxtakor»ga qarshi Oliy Liga o`yinida jamoaning asosiy himoyachilaridan biri – Maqsud Karimov qizil kartochka olib, maydonni erta tark etgan va Kubok finalida to`p surish huquqidan mahrum bo`lgandi.

«Shohruh Gadoevning o`rnini to`ldirishga muvaffaq bo`ldik, Maqsud Karimovning o`rnini ham shunday to`ldiramiz. Agar jamoaning to`rt himoyachisidan bittasi jarohat olsa, uch himoyachi bilan o`ynab ko`rish mumkin. Umuman, buni yo`lini qilamiz. Kenja To`raevga to`xtaladigan bo`lsam, u hozirda asosiy tarkibda shug`ullanayapti va ertaga maydonga tushishi ham mumkin», - dedi «Nasaf» bosh murabbiyi.

«So`nggi yillarda Qashqadaryoda futbolga katta e`tibor qaratilmoqda. Tashkil etilgan sharoitlar, imkoniyatlar samarasi o`laroq «Nasaf» muvaffaqiyatli o`yinlar ko`rsatmoqda. Bo`lajak final o`yinidagi muvaffaqiyat biz uchun g`oyat muhim ahamiyatga ega. Biz ertaga butun qashqadaryolik futbol muxlislari uchun, «Nasaf» muxlislari uchun bayram tashkil etishni istaymiz va shu yo`lda harakat qilamiz», - deya qo`shimcha qildi «Nasaf» bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev.

Eslatib o`tamiz, 2013 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi 25 sentyabr, chorshanba kuni 18:00da Toshkentdagi «Paxtakor» Markaziy stadionida boshlanadi. Uchrashuvni Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi. O`yin chiptalari 23 sentyabrdan 10 ming va 15 ming so`mdan sotuvga chiqarilgan.
 

mib
uzcard
cola
apex
bmb