Samarqandning «Dinamo» Toshkentda tashkil etilgan o`quv-mashg`ulot yig`inlari doirasidagi so`nggi nazorat o`yinini o`tkazdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
28 iyul kuni «Olmaliq»ga qarshi kechgan uchrashuvda 1:1 hisobi qayd etildi. «Nazorat o`yinida Ravshan Haydarov tarkibdagi bir qator futbolchilarni yakuniy ko`rikdan o`tkazib oldi. Nazorat uchrashuvi bo`lsada ancha shiddatli va kurashlarga boy o`tgan o`yinda murosa ko`chasi tanlandi», - deb yozadi samarqandliklar rasmiy sayti.
Dastlab, 72-daqiqada «Olmaliq» vakili Azamat Isroilov hisobni ochgan bo`lsa, «Dinamo» tarkibiga O`zbekiston Birinchiligida ishtirok etuvchi «Registon» jamoasidan kelib qo`shilgan Dilshod Jabborov 81-daqiqada hisobni tenglashtirdi.
Klub rasmiy saytining qayd etishicha, 20 iyuldan Toshkentdagi yig`inlarni boshlagan Samarqand jamoasi bungacha «Paxtakor» (3:0) va «Neftchi» (2:0)ga qarshi to`p surgan edi. «Dinamo» endi tayyorgarlikni Samarqandda davom ettiradi.
Ravshan Haydarov shogirdlari Oliy Liga-2013 ikkinchi davra o`yinlarini 4 avgust kuni «Qizilqum»ga qarshi o`yin bilan boshlaydi.