Oliy Liga ikkinchi davra o`yinlariga Toshkentda tayyorgarlik ko`rayotgan G`uzorning «Sho`rtan» jamoasi tarkibida ba`zi o`zgarishlar yuz bermoqda. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
Jamoa safiga o`z vaqtida «Sho`rtan» sharafini himoya qilgan faxriy yarim himoyachilardan biri – Andrey Vlasichev qo`shilgan. U «NBU-Osiyo»ga qarshi nazorat o`yinida ham «Sho`rtan» tarkibida harakat qilgan.
«Sinov davrida klub rahbariyati va murabbiylar guruhiga to`g`ri kelmagan futbolchilar xususida gapiradigan bo`lsak, bu birinchi galda darvozabon Temur Jo`raev bo`ldi. Yana bir darvozabon - «NBU-Osiyo» jamoasiga tegishli Mixail Spiridonov ham «Sho`rtan» safida harakat qilmaydi. Shuningdek, Javlon Guseynovga ham javob berildi», - deb yozadi «Sho`rtan» rasmiy sayti.
«Sho`rtan» rasmiy saytining qo`shimcha qilishicha, yaqin vaqt ichida yo Bahrom Hakimov, yo Rauf Inileev jamoa bosh murabbiyi etib tayinlanishi mumkin.