Toshkentda o`tkazilgan nazorat o`yinlari orqali «Navbahor» murabbiylar shtabi tarkibga jalb qilingan futbolchilarni sinovdan o`tkazib oldi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
Jamoa mashg`ulotlariga Yannis Mandzukas («Qizilqum»), Rustam A`zamov («Lokomotiv»)lar kelib qo`shilishgandi. O`tgan vaqt davomida jamoa safiga Ahrol Risqullaev («Dinamo») va Farruh Nurliboev («Olmaliq»)lar kelib qo`shilishdi. «Risqullaev hozir jamoamiz bilan birga bo`lsa Nurliboev bir kunlik mashg`ulotdan keyin ortga qaytgan. Shuningdek, jamoada ayni paytda birinchi liga vakili «Registon» jamoasidan yarim himoyachi Marat Qudratov ham ko`rikdan o`tmoqda», - deb yozadi namanganliklar rasmiy sayti.
«Navbahor» murabbiylar shtabi ayrim futbolchilarga javob berishni lozim topgan. Xususan, mavsumning birinchi qismini «Chust-Paxtakor» jamoasida o`tkazgan Mirzohid Mahkamov, Bobir Rasulov va Farruh Yo`ldoshevlar ko`rikdan o`ta olmay, ortlariga qaytishdi. Shuningdek, davralar oralig`ida yana jamoaga qo`shilgan Elmurod Nizomboev endi «Navbahor» sharafini himoya qilmaydi. A`zam Aliev yoshlar jamoasi bilan ikkinchi davraga tayyorgarlik ko`rish uchun ortga qaytgan bo`lsa Sohib Abdullaev jarohat tufayli muddatidan oldin Namanganga qaytdi.
«Mash`al»ga qarshi nazorat o`yini vaqtida esa «Navbahor» safida «Neftchi» ko`rigida bo`lgan Mo`ydin Mamazulunov va navbatdagi chempionat birinchi davrasini «So`g`diyona»da o`tkazgan Durbek Umaraliev ham maydonga tushgan. Ushbu futbolchilar «Mash`al»ga qarshi o`yin arafasida safga qo`shildi. «Toshkent yig`ini yakuniga etgach, futbolchilarga ikki kunlik ta`til e`lon qilindi», - deb yozadi «Navbahor» sayti.