Samarqandning «Dinamo» klubi Oliy Liga ikkinchi davra o`yinlariga Toshkentda hozirlik ko`rmoqda.
Klub rasmiy sayti xabariga ko`ra, jamoa mashg`ulotlariga O`zbekiston Birinchiligida ishtirok etuvchi «Oqtepa» jamoasi yarim himoyachisi Ildar Magdeev qo`shilgan. «Ushbu tajribali yarimhimoyachi sport formasini tiklash maqsadida birinchi davrani Birinchi liganing «Oqtepa» klubida o`tkazgandi. Ushbu futbolchi jamoa murabbiylari ko`rigidan o`ta olsa, mavsumni Oliy ligada boshlaydi», - deyiladi «Dinamo» saytidagi xabarda.
Bundan tashqari, jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov o`zining sobiq shogirdlaridan biri – San`at Shixovni ham Samarqandga chaqirgan. «Joriy mavsumni «Paxtakor» safida o`tkazayotgan San`at Shixov «Dinamo»ning yig`iniga kelib qo`shildi. 24 yoshli hujumkor futbolchi Ravshan Haydarov qo`l ostida mashg`ulotlar o`tkazmoqda. Futbolchining harakati ma`qul kelsa va klub «Paxtakor» va futbolchi bilan kelishuvga erishsa San`at Shixov ikkinchi davrani «Dinamo»da o`tkazadi», - deya xabar bermoqda «Dinamo» rasmiy sayti.
«Dinamo» 25 iyul kuni Farg`onaning «Neftchi» jamoasiga qarshi nazorat o`yinini o`tkazdi. Ushbu o`yinda «Dinamo» safida Magdeev ham, Shixov ham maydonga tushdi. E`tiborli tomoni, «Dinamo» gollariga aynan San`at Shixov mualliflik qildi.
«Ravshan Haydarov boshchiligidagi jamoamiz navbatdagi nazorat uchrashuvini 28 iyul kuni «Olmaliq» klubiga qarshi o`tkazadi. Shundan so`ng jamoa 29 iyul kuni Samarqandga qaytib, 14-tur doirasidagi «Qizilqum»ga qarshi bahsga tayyorgarlik ko`radi», - deyiladi «Dinamo» rasmiy saytidagi xabarda.