24 iyul kuni «Navbahor» Zarafshonning «Qizilqum» jamoasiga qarshi nazorat o`yinida maydonga tushdi. Bu haqda Namangan klubi rasmiy sayti xabar bermoqda.
«Garchi bahs shiddatli hujumlar va havfli vaziyatlarga boy ruhda o`tgan bo`lishsada, darvozalar dahlsizligi saqlanib qolindi. Har ikki jamoa vakillari ham yaratilgan qulay imkoniyatlardan foydalan olishmadi», - deyiladi «Navbahor» saytidagi xabarda.
«Qizilqum»ga qarshi o`yinda «Lokomotiv»dan Rustam A`zamov va «Qizilqum»dan Yannis Manzukas «Navbahor» safida harakat qilgan. Qayd etilishicha, agar ushbu futbolchilarning harakatlari jamoa murabbiylariga ma`qul kelsa, ular bilan shartnoma imzolanadi.
Ma`lumot o`rnida, «Navbahor» bungacha Qarshining «Nasaf» va Jizzaxning «So`g`diyona» jamoalariga qarshi nazorat o`yinlarida maydonga tushib, har ikkala safar ham imkoniyatni boy bergan edi.