O`zbekiston Birinchiligi peshqadamlaridan biri hisoblangan Muborakning «Mash`al» klubi ikkinchi bosqich o`yinlariga tayyorgarlikning navbatdagi qismiga kirishdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
Jamoa Toshkentda olti kun davomida shug`ullanib, so`ng, O`zbekiston Birinchiligida ikkinchi bosqich o`yinlari start olgunicha Yangierda mashg`ulotlarni davom ettiradi.
O`quv-mashg`ulot yig`inlari doirasida ikkita o`rtoqlik uchrashuvi o`tkazish rejalashtirilgan. Jumladan, 27 iyul kuni «Navbahor» bilan bahs olib borilsa, 2 avgust «Qizilqum» Muborak jamoasiga raqib bo`ladi.
Jamoa tarkibini hech kim tark etmagan. Faqat, Kosonning «Alanga» klubidan Oybek Polvonov qo`shilgan. Shuningdek, Toshkentda 19 iyuldan boshlangan yig`inlarda, jarohatini davolab safga qaytgan jamoa sardori – Dilyaver Vaniev ham umumiy guruhda ishtirok etmoqda.