OChL: «Bunyodkor» birinchi mag`lubiyatni Tailandda tan oldi

14 may, seshanba kuni Osiyo Chempionlar ligasida nimchorak final bosqichi o`yinlari start oldi. Musobaqa chorak final yo`llanmasi uchun o`tkazilgan dastlabki o`yinlar doirasida Toshkentning «Bunyodkor» klubi Tailandda mahalliy «Buriram Yunayted» klubi mehmoni bo`ldi.

Uchrashuvda hisob 17-daqiqada ochildi. «Bunyodkor» himoyachilari xotirjamligidan foydalanib qolgan «Buriram Yunayted» yarim himoyachisi Anavin Jujin, qanotdan havolatib etkazilgan to`pni bosh bilan Murodjon Zuhurov darvozasiga to`g`rilab qo`ydi.

Biroq, maydon egalari hisobdagi ustunlikni tanaffusgacha saqlab qola olishmadi. Birinchi bo`lim yakunlanishi arafasida, burchak zarbasi amalga oshirilganidan so`ng, birinchi bo`limda zaxiradan maydonga tushgan Igor Taran «Buriram» darvozasining bo`sh qolgan buragini aniq nishonga oldi.

O`yin ikkinchi bo`limda ham teng kurashlar ostida kechganiga qaramay, vaziyatlardan foydalanishda «Buriram» o`zbekistonlik raqibidan ko`ra omadliroq chiqdi. Uchrashuvning 76-daqiqasida ikkinchi bo`limda zaxiradan maydonga tushgan yarim himoyachi Ekkachai Samre, «Bunyodkor» darvozaboni va himoyachilari o`rtasidagi tushunmovchilikdan foydalanib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

2:1 hisobi o`yin oxirigacha o`zgarmadi va «Bunyodkor» 2013 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi bahslaridagi dastlabki mag`lubiyatni tan olishga majbur bo`ldi. Mirjalol Qosimov shogirdlari bungacha musobaqa guruh bosqichida birorta o`yinda mag`lubiyatga uchramay, 2 o`yinda g`alaba qozonishgan, 4ta o`yinda durang natija qayd etishgan edi.

«Bunyodkor» va «Buriram Yunayted» o`rtasidagi javob uchrashuvi 21 may kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida o`tkaziladi.

OChL-2013
Nimchorak final, dastlabki o`yin
14 may, seshanba
«Buriram Yunayted» (Tailand) – «Bunyodkor» (O`zbekiston) 2:1 (1:1).

Bosh hakam: Benjamin Uilyams (Avstraliya).
«Buriram Yunayted»: 1. Sivarak Tedsungnoen, 2. Teraton Bunmatan, 3. Pratum Chutong, 5. Osmar Barba Ibanes, 6. Tanasak Srisay, 13. Jiravat Makxarom (11. Ekkachai Samre, 70), 15. Surat Sukxa, 17. Anavin Jujin, 19. Kai Xirano (16. Suriya Domtaysong, 60), 22. Adisak Kraisorn (32. Dennis Bushening, 90), 25. Suri Sukxa.
«Bunyodkor»: 25. Murodjon Zuhurov, 4. Xayrulla Karimov, 6. Anvar G`ofurov, 7. Marko Blajich (14. Alibobo Rahmatullaev, 78), 8. Javlon Ibrohimov, 13. Lutfulla To`raev, 16. Artyom Filiposyan, 17. Kamoliddin Murzoev (11. Aleksandr Pishchur, 73), 18. Fozil Musaev (9. Igor Taran, 39), 19. Jasur Hasanov, 33. Oleg Zoteev.
Gollar: Anavin Jujin (17), Ekkachai Samre (76) – Igor Taran (45).

mib
uzcard
cola
apex
bmb