Murod Ismoilov: «Avvalgi xatolar yana takrorlandi»

«Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilovning so`zlariga ko`ra, «Ash-Shabob»ga qarshi o`yin boshida yo`l qo`yilgan «yosh bolalarcha xato» jamoani pley-off yo`llanmasidan mahrum qildi.

Eslatib o`tamiz, 1 may, chorshanba kuni Osiyo Chempionlar ligasi «V» guruhi 6-tur uchrashuvlari doirasida Toshkentning «Paxtakor» klubi BAAning «Ash-Shabob» jamoasini qabul qildi. O`yin «Ash-Shabob»ning 2:1 hisobidagi g`alabasi bilan yakuniga etdi, guruh bosqichi bahslarini ikkita g`alaba bilan boshlagan «Paxtakor» esa pley-off yo`llanmasidan mahrum bo`ldi.

«Bugun imkon qadar o`zimizga zarur natijaga erishishga intildik, biroq buni uddalay olmadik. «Ash-Shabob» xatolarimizdan munosib foydalangan holda g`alabani qo`lga kiritdi. Yigitlarga bir necha bor tushuntirilgan, o`yinda har qanday holatda hushyor turish lozim. Afsuski, yana ilk daqiqada to`p o`tkazib yubordik», - dedi Murod Ismoilov.

«Mashg`ulotlarda futbolchilar bilan xatolarni to`g`rilash ustida ishlayapmiz, biroq xatolar yana uchrayapti. Balki, bunga ularning yosh ekanligi sababdir. Birinchi taymda hisobni tenglashtirdik, ko`plab vaziyatlarni yuzaga keltirdik. Biroq ulardan foydalanishda yana oqsadik. Mehmonlar esa ikkinchi bo`limda jarima zarbasidan gol urishdi. Yana e`tiborni yo`qotganimiz qimmatga tushdi», - dedi «Paxtakor» ustozi.

«Endi O`zbekiston chempionati va Kubogida muvaffaqiyatga erishish uchun harakat qilamiz», - deya qo`shimcha qildi «Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilov.

«Ash-Shabob» bosh murabbiyi Markos Paketaning aytishicha, pley-off yo`llanmasi uning yosh jamoasi uchun katta natija hisoblanadi.

«O`ta muhim g`alabani qo`lga kiritdik. Birinchi bo`limda «Paxtakor» yaxshiroq o`yin namoyish qildi. Tezkor gol urganimiz o`zimiz uchun ham kutilmagan holat bo`ldi. Ikkinchi taymda ikkinchi golni urib, oldinga o`tib oldik. Qolgan vaqt mobaynida xato qilmadik. Bugungi uchrashuvni katta o`yin deb atagan bo`lardim. Omad biz tarafda ko`proq bo`ldi», - dedi «Ash-Shabob» ustozi.

«OChLda ko`proq yosh futbolchilarga imkoniyat bergandim. Ular esa guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o`tishdi. Natijada kurashni davom ettiramiz. «Ash-Shabob» tarixida ilk bor Chempionlar ligasida keyingi bosqichga chiqdik. Bu biz uchun katta natija bo`ldi», - deya qo`shimcha qildi «Ash-Shabob» bosh murabbiyi Markos Paketa.

Xabar «Paxtakor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb