
Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi so`nggi turida «Paxtakor» o`z maydonida BAAning «Ash-Shabob» jamoasiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi va o`z guruhida so`nggi o`rinni egalladi.
Toshkentliklar uchrashuvning dastlabki daqiqasidayoq o`z darvozalaridan to`p olib chiqishdi. Shunga qaramay, tanaffusgacha hisobdagi muvozanatni tiklashga muvaffaq bo`lishdi – hujumchi Igor Sergeevga nisbatan ishlatilgan qoidabuzarlik uchun belgilangan penaltidan «Paxtakor»ning gruziyalik sardori Kaxi Maxaradze unumli foydalandi.
Ikkinchi bo`limning 18-daqiqasida mehmonlar yana hisobda oldinga chiqib olishdi. «Ash-Shabob»ning braziliyalik futbolchilaridan biri – Jusiel tomonidan jarima zarbasi amalga oshirilganidan so`ng, to`p Kaxi Maxaradzening oyog`idan, Aleksandr Lobanov darvozasiga borib tushdi.
«Paxtakor» o`yin oxirigacha bosimni juda kuchaytirib, hisobni tenglashtirish va shu yo`l bilan nimchorak final yo`llanmasini qo`lga kiritishga urindi, biroq Murod Ismoilov shogirdlarining barcha urinishlari bekor ketdi va 1:2 hisobi o`zgarishsiz qoldi.
OChL guruh bosqichi yakunlariga ko`ra, «Paxtakor» ishtirok etgan «V» guruhidan Qatarning «Laxviya» va BAAning «Ash-Shabob» jamoalari keyingi bosqichga chiqishdi.
Osiyo Chempionlar ligasi, guruh bosqichi
«V» guruhi, 6-tur uchrashuvlari
1 may, chorshanba
«Paxtakor» (Toshkent) – «Ash-Shabob» 1:2 (1:1). 8556 tomoshabin.
Hakamlar: Muhsin Turkiy (Eron), Muhammadrizo Abulfazliy (Eron), Muhammadrizo Mansuriy (Eron), Rovan (Hindiston).
«Paxtakor»: Aleksandr Lobanov, G`ulom O`runov, Akbarjon Ismatullaev, Kaxi Maxaradze, Jamshid Iskandarov (Murod Xolmuhamedov, 76), Igor Sergeev, Aleksandr Merzlyakov, Davronbek Hoshimov, Vladimir Kozak, Oybek Qilichev (Temurxo`ja Abduxoliqov, 46), Abbosbek Maxstaliev (San`at Shixov, 70).
«Ash-Shabob»: Ismoil Rabiy, Muhammad al-Matrushiy, Volid Abbos, Azizbek Haydarov, Luiz Enrike (Ali Hamdan, 89), Essa Shiruk, Ali Mahmud, Hasan Safar, Esam Bin Salmin, Rashid Hasan (Edgar da Silva, 52), Jusiel.
Gollar: Kaxi Maxaradze (19, penalti) – Esam Bin Salmin (1), Kaxi Maxaradze (64).
Ogohlantirishlar: Temurxo`ja Abduxoliqov (54), Vladimir Kozak (56), Aleksandr Merzlyakov (72) – Ali Mahmud (45+2), Volid Abbos (66), Hasan Safar (84), Jusiel (90).
Chetlatish: Muhammad al-Matrushiy (84).