
1 may kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida Osiyo Chempionlar ligasi «V» guruhi 6-tur bahslari doirasida «Paxtakor» BAAning «Ash-Shabob» jamoasini qabul qiladi.
O`yinoldi fikrlari bilan o`rtoqlashar ekan, «Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilov bo`lajak raqib avvalgi o`yinda ikkinchi tarkib bilan guruh favoritini mag`lubiyatga uchratganiga alohida e`tibor qaratdi.
«Guruhimizda hamma jamoalarning imkoniyati bor. Ikki uchrashuv ham qiziqarli bo`ladi. Bizda futbolchilar hali yosh va iste`dodli, lekin ularga tajriba etishmasligi sezilib turibdi. Raqibning hamma o`yinlarini kuzatib bordik. Chempionlar ligasida bo`sh jamoalar bo`lmaydi. Ularning tarkibi ham tajribali futbolchilarga to`la. «Lahviya»ga qarshi o`yinda deyarli ikkinchi tarkib bilan harakat qilgan bo`lishsa ham, g`alaba qozonishdi», - dedi «Paxtakor» bosh murabbiyi.
E`tiborli tomoni, 1 may, chorshanba kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida o`tkaziladigan o`yin, guruhning ikkinchi o`yini bilan parallel o`tishi uchun, 21:00da boshlanadi.
«O`yinning kech boshlanishi bilan bog`liq muammo tug`ilishi mumkin, lekin bunga moslashishga harakat qilyapmiz. Futbolda natija birinchi o`ringa chiqib ulgurdi. O`yinga taktikani raqib harakatlaridan kelib chiqib tanlaymiz. Raqib safida Aziz Haydarov o`ynaydi. U yaxshi saviyadagi futbolchi va bizga qarshi bor mahoratini ko`rsatishiga shubhalanmayman», - deya qo`shimcha qildi «Paxtakor» bosh murabbiiy Murod Ismoilov.
«Ash-Shabob»ning braziliyalik ustozi – Markos Paketaning fikricha, bo`lajak bahsda har ikkala jamoa ham muxlislarga manzur keladigan hujumkor futbol namoyish etadi.
«Bizni juda kuchli raqibga qarshi o`yin kutib turibdi. Har ikkala jamoa ertaga g`alaba uchun o`ynaydi. Faqat g`alabagina jamoalarni pley-offga olib chiqishi mumkin. Shuning uchun shiddatli o`yin bo`lishini kutyapman. Tarkibimizda Haydarov maydonga tushishi mumkin. O`yinlar soni ko`pligi sababli unga oxirgi uchrashuvda dam berdim. Jamoada yo`qotishlar bor, lekin ularning to`ldiradigan futbolchilarga egamiz. Menimcha, ertaga hujumkor o`yinga guvoh bo`lamiz. Chunki o`rtaga nimchorak final yo`llanmasi tikilgan», - dedi «Ash-Shabob» bosh murabbiyi.
Dubayda o`tgan dastlabki bahsda «Paxtakor», yosh yarim himoyachi Jamshid Iskandarovning aniq zarbasi evaziga, 1:0 hisobida g`alaba qozonishga va Toshkentga uch ochko bilan qaytishga muvaffaq bo`lgan edi.
«Paxtakor» bilan birinchi o`yin ham chiroyli o`tgandi. Natija uchun kutilmagan bo`lmadi, deb ayta olmayman. O`sha o`yin natijasini unutib, ertaga faqat g`alaba uchun maydonga tushamiz. Birinchi o`yin natijasi u yoki bu jamoaning kuchliligini bildirmaydi», - deya qo`shimcha qildi «Ash-Shabob» bosh murabbiyi, braziliyalik mutaxassis Markos Paketa.
Xabar «Paxtakor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.