Mirjalol Qosimov: «Pley-off yo`llanmasi bilan tabriklayman»

«Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning fikricha, har doim oldinga eng maksimal maqsadni qo`yib harakat qilish kerak.

30 aprel kuni Osiyo Chempionlar ligasi «G» guruhi 6-tur uchrashuvlari doirasida Toshkentning «Bunyodkor» jamoasi safarda Janubiy Koreyaning «Poxang Stilerz» jamoasiga qarshi to`p surib, 1:1 hisobida durang o`ynadi va guruhda birinchi o`rinni egallagani holda nimchorak final yo`llanmasini qo`lga kiritdi. Qayd etish joiz, qit`a birinchiligida oltinchi bor ishtirok etayotgan qaldirg`ochlar oltinchi safar ham guruh bosqichini muvaffaqiyatli ortda qoldirishga muvaffaq bo`lishdi.

«Poxang»ga qarshi o`yin juda qiyin bo`ldi. Biroq shogirdlarim juda yaxshi o`ynashdi va yuklatilgan ko`rsatmalarni to`liq bajarishdi. Raqib kuchli edi. Shu boisdan ham o`yin juda shiddatkor va kurashlarga boy bo`ldi. So`nggi daqiqalarda darvozamizdan to`p o`tkazib yuborgan bo`lsak-da, guruh bosqichini birinchi o`rinda yakunladik. Pley-off yo`llanmasi bilan butun jamoani va muxlislarni tabriklab o`tmoqchiman», - deydi Mirjalol Qosimov.

«Agarda biz durang uchun o`ynaganimizda balki yutqazgan bo`lardik. Inson har doim maksimal natijani ko`zlashi kerak. Xoh futbolda, xoh hayotda! Biz uch ochko ilinjida o`ynadik, yakunda esa bir ochkoga ega bo`ldik. Raqibdan qolishmagan holda o`ynadik, deb o`ylayman. Legionerlar bo`ladimi yoki yo`qmi «Poxang Stilerz» kuchli jamoa bo`lib qolaveradi. Raqibimiz bejizga K-ligada peshqadamlik qilmayapti. Guruhdagi ikkala o`yinda ham poxanliklar bizga jiddiy tashvish tug`dirishdi», - dedi «Bunyodkor» ustozi.

«Bugun Dilshod Jo`raev va Igor Taran ilk bor Osiyo Chempionlar ligasi bahslarida asosiy tarkibda maydonga tushishdi. Ularning ikkisi ham ishonchimni oqladi. Aniq o`yin namoyish etishdi. Ha, to`g`ri xato va kamchiliklar bo`ldi. Biroq hech bir o`yinchiga e`tirozim yo`q», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.

Xabar «Bunyodkor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb