
Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi 5-tur uchrashuvlaridan so`ng eng chigal vaziyatlardan biri Toshkentning «Paxtakor» jamoasi ishtirok etayotgan «V» guruhida yuzaga keldi.
24 aprel, chorshanba kuni amaldagi O`zbekiston chempioni, Toshkentning «Paxtakor» klubi safarda Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» jamoasi mehmoni bo`ldi. Har ikkala jamoa o`rtasida Toshkentda o`tgan dastlabki o`yinda «Paxtakor» 1:0 hisobida g`alaba qozongan edi. O`ziga xos javob o`yinida omad saudiyaliklarga kulib boqdi.
«Al-Ittifoq» va «Paxtakor» jamoalari o`rtasidagi o`yinda hisob 24-daqiqada maydon egalari yarim himoyachisi ajoyib zarba bilan Aleksandr Lobanov darvozasini aniq nishonga olib, hisobni ochdi. Birinchi taym tugashiga bir necha qolganidan esa Jam`an al-Jam`an, jarima maydonchasi chizig`ida turib, «Paxtakor» darvozasi uzoq burchagini aniq nishonga oldi.
2:0 hisobi o`yin oxirigacha o`zgarmadi va musobaqadagi navbatdagi uch ochkoni qo`lga kiritgan «Al-Ittifoq», ochkolari sonini 7taga etkazib, to`plar nisbati va o`zaro o`yindagi ustunlik evaziga guruh jadvalida «Paxtakor»dan o`zib ketib, 2-o`rin ko`tarilib oldi.
Guruhdan qaysi jamoalar keyingi bosqichga chiqishi masalasi so`nggi turga qoldi. Chunki guruh favoritlaridan hisoblangan Qatarning «Laxviya» jamoasi safarda BAAning «Ash-Shabob» jamoasiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berganidan so`ng, guruhdagi har bir jamoada nimchorak finalga chiqish imkoniyati saqlanib qoldi – «Laxviya»da 8 ochko, «Al-Ittifoq» va «Paxtakor»da 7 ochkodan, «Ash-Shabob»da 6 ochko.
1 may kuni bo`lib o`tadigan so`nggi tur o`yinlarida Qatarning «Laxviya»si o`z maydonida «Al-Ittifoq»ni qabul qiladi. Xuddi shu kuni «Ash-Shabob» Toshkentda «Paxtakor» mehmoni bo`ladi. Agar o`yinda durang natija qayd etilsa, «Paxtakor»ning keyingi bosqichga chiqishi masalasi «Laxviya» – «Al-Ittifoq» o`yini natijasiga bog`liq bo`lib qoladi. Qaysi jamoa g`alaba qozonsa, u keyingi bosqichga ham chiqadi.
OChL-2013, guruh bosqichi
«V» guruhi, 5-tur uchrashuvi
24 aprel, chorshanba
«Al-Ittifoq» (Saudiya Arabistoni) – «Paxtakor» (O`zbekiston) 2:0 (2:0)
Gollar: Yahyo ash-Shehriy (24), Jam`an al-Jam`an (41).