
«Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilovning qayd etishicha, «Al-Ittifoq»ga qarshi birinchi o`yinda «Paxtakor» yaxshi o`yin namoyish eta olmagan edi.
«Dammam shahriga kecha etib keldik. O`yinga tayyorgarlikni esa allaqachon boshlaganmiz va bu erda kecha birinchi mashg`ulotni o`tkazdik. Ertaga ishonchli va chiroyli o`yin namoyish qilib, g`alaba qozonishga harakat qilamiz. Maydonda keskin kurash borishiga shubha yo`q. Bellashuvning qiziqarli o`tishi tayin. Chunki har ikki jamoada keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyat saqlanib qolgan. Toshkentda biz yaxshi o`yin namoyish etmagandik. Bunga esa o`sha bahsning mavsumdagi ilk rasmiy uchrashuv ekani sabab bo`lgandi. Milliy chempionat va Chempionlar ligasidagi boshqa o`yinlarda futbolchilar jismoniy, taktik va texnik qobiliyatlarini oshirib borishmoqda. Shu sababli ertangi bahsda bizda bu borada muammo bo`lmaydi. «Lahviya» bilan o`yinlarda ancha yaxshi o`ynadik, biroq kichik xatolar evaziga raqibni mag`lubiyatga uchrata olmadik. Biz ertaga chiroyli futbol namoyish etishga intilamiz», - dedi toshkentliklar ustozi.
«Muxlislar bilan to`lgan stadionda o`ynagan ma`qulroq. Biz esa saudiyalik ishqibozlar chiroyli futboldan bahramand bo`lishiga imkon qadar intilamiz. Futbolda har bir jamoa hamisha yutishga intiladi. Maqsadimiz chiroyli futbol ko`rsatib, zafar quchish. Lekin nima bo`lishini oldindan hech kim bilmaydi. Butun tayyorgarligimiz ertangi bahsga qaratilgan. Yosh futbolchilar o`sib borishsa va ularga to`g`ri yo`nalish ko`rsata olsak, shuning o`zi katta muvaffaqiyat. Ertaga g`alaba uchun to`p tepamiz. O`z o`rnida mag`lubiyatni fojea bilan tenglashtirmagan bo`lardim», - deya qo`shimcha qildi «Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilov.
«Al-Ittifoq» bosh murabbiyi, polshalik mutaxassis Matsey Skortsaning fikricha, «Paxtakor» xavfli raqib sanaladi.
«Chempionlar ligasini yaxshi boshlay olmadik, lekin o`tgan turda vaziyatni o`zgartirishga erishdik. Bizni ushbu mavsumdagi eng muhim bellashuv kutib turibdi. O`yinga shunday ta`rif berishim mumkin. «Paxtakor» yaxshi shakllangan jamoa. Ularning tarkibida bir qator tezkor va texnik jihatdan yuqori saviyada harakat qiladigan futbolchilar mavjud. Bizning vazifa esa bahsda g`alaba qozonish bo`ladi», - dedi Matsey Skortsa.
«Hozircha biror futbolchini aniq o`ynamaydi deya olmayman, lekin Zamil Sulim hamda Sulton Barganda kichik jarohat bor. Ularning maydonga tushish imkoniyati bor. Agar Bargan o`ynamaydigan bo`lsa, zarur o`zgarishlarni amalga oshirishimga to`g`ri keladi. Chunki u jamoadagi muhim o`yinchilardan biridir. Himoya va hujumni bog`laydigan futbolchilarning yaxshiroq harakat qilishlarini ta`minlash lozim. Chunki raqibimiz har bir xatodan foydalanib qolishi mumkin», - dedi Dammam klubi ustozi.
«O`yindagi har bir holatga tayyorgarlik olib boryapmiz, shunga yarasha rejalar bor. Lekin imkoni boricha o`zimiz gol urishga intilamiz. «Paxtakor» xavfli raqib. Ular jismoniy va taktik jihatdan juda kuchli. Shu bilan birga men shogirdlarimga ishonaman. Ular ertaga bizga zarur g`alabani taqdim etishadi deb umid qilaman», - dedi «Al-Ittifoq» bosh murabbiyi Matsey Skortsa.
Eslatib o`tamiz, Osiyo Chempionlar ligasi «V» guruhi 5-turidan o`rin olgan «Al-Ittifoq» (Saudiya Arabistoni) va «Paxtakor» o`rtasidagi o`yin 24 aprel, chorshanba kuni soat 22:10da boshlanadi.
Xabar «Paxtakor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.