«Bunyodkor» – «Sanfrechche Xirosima» o`yinidan keyingi murabbiylar fikrlari

«Sanfrechche Xirosima» jamoa bosh murabbiyi Xajime Moriyasuning so`zlariga ko`ra, uning jamoasi bir klub emas, deyarli O`zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi to`p surgan.

«Bugun juda murosasiz uchrashuv guvohi bo`ldik. Mehmonda o`ynashimizga qaramasdan «Bunyodkor»ga munosib qarshilik ko`rsatdik, deb o`ylayman. Aslida g`alabani umid qilib o`ynadik. Biroq «Bunyodkor»ning o`rta chizig`i to`pni erkin nazorat qilishga imkon bermadi. Shuningdek, raqib himoyachilari ham bexato o`yin namoyish etishdi. Yosh futbolchilar ishonchimni oqlashdi. Umuman olganda biz birinchi turda ham yaxshi o`ynamagan edik. Biroq o`shanda omadimiz chopmagandi. Osiyo Chempionlar ligasi bizga katta tajriba berdi, deb hisoblayman», - dedi Xajime Moriyasu.

«Shogirdlarim asosan qisqa-qisqa paslar oshirgan holda kombinatsiyalar tashkil etishadi. Lekin maydonning holati bu rejamizni o`zgartirib yubordi. So`nggi turda muxlislarimizga g`alabani tortiq etmoqchimiz. Guruh bosqichini g`alabasiz yakunlash albatta alamli. «Bunyodkor»ning barcha a`zolari tajribali o`yinchilar hisoblanishadi. Men bugun O`zbekiston terma jamoasiga qarshi o`ynadik, desam ham bo`laveradi. O`zbekiston va Yaponiya terma jamoalarini jahon chempionatining final bosqichiga yo`llanma olishini chin dildan istab qolardim. Avvaldan o`ylagandikki, «qaldirg`ochlar» Lutfulla To`raev orqali hujum tashkil etib, Pishur bilan yakunlashlarini. Xuddi shunday bo`lib chiqdi ham», - deya qo`shimcha qildi «Sanfrechche Xirosima» jamoasi bosh murabbiyi.

«Bunyodkor» jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning fikricha, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanilmagani g`alaba qozonishga xalal bergan.

«Juda o`tkir o`yin bo`ldi. Afsuski biz yaratilgan imkoniyatlarimizdan unumli foydalana olmadik. Uyda o`ynashimizga qaramasdan, g`alaba qozona olmay guruhdagi vaziyatni yanada chigallashtirib yubordik. Endi guruh bosqichining so`nggi tur doirasida Janubiy Koreyada yutqazmasligimiz kerak. Futbolni kutilmagan holatlar uchun ham ko`pchiligimiz sevib tomosha qilamiz. Ba`zi hollarda tajribali futbolchilar ham hato qilib qo`yishi mumkin. Ikkinchi bo`limda charchoq sezildi. Albatta bu ham o`z ta`sirini ko`rsatdi», - dedi Mirjalol Qosimov.

«Ichki chempionatda hamma jamoa «Bunyodkor»ga qarshi bor kuchini ishga solib o`ynaydi. Chempionlar ligasi esa tamomila boshqa turnir va unda hamma yutuqni istaydi. Biz mehmonda muvaffaqiyat qozonaverishdan tashqari o`z maydonimizda ham yutishni juda-juda istaymiz. Mehmondagi omadli ishtirokimiz o`z-o`zidan bo`lib qolmaydi. O`z maydonimizda hujumkor o`yin namoyish qilishga majburmiz. Mehmonda imkon qadar yopiqroq o`yin ko`rsatamiz. Kutilmagan jarohatlar tufayli Fozil Musaev va Javlon Ibroximovni almashtirishga majbur bo`ldi», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi.

Xabar "Bunyodkor" FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb