
«Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning fikricha, «Sanfrechche Xirosima»da hech qanday bosimning yo`qligi «Bunyodkor»ga qiyinchilik tug`dirishi mumkin.
23 aprel kuni Toshkentning «Bunyodkor» klubi Osiyo Chempionlar ligasi «G» guruhi 5-tur uchrashuvlari doirasida Yaponiya chempioni «Sanfrechche Xirosima» jamoasini qabul qiladi. «Bunyodkor» stadionida o`tkaziladigan o`yin 18:00da boshlanadi. Ma`lumot o`rnida, ikki jamoa o`rtasida Yaponiyada o`tgan o`zaro o`yinda toshkentliklar 2:0 hisobida g`alaba qozonishgan edi.
«Ertaga «Bunyodkor»ni juda muhim o`yin kutib turibdi. Turnir jadvalidagi pog`onamizni saqlab qolish va keyingi bosqich masalasini hal qilish uchun yaxshi imkoniyat bor. Shuningdek, ertaga bizdan biroz avval «Beytszin Goan» - «Poxang Stilerz» uchrashuvi boshlanadi. Bu o`yinda qayd etiladigan natija ham turnir jadvalida katta o`zgarishlarga sababchi bo`lishi mumkin. Ertangi bahs oldidagn yaponiyaliklarda hech qanday bosim yo`q. Chunki ularni yo`qotadigan hech narsasi yo`q - pley-offga chiqish masalasidan umidlarini uzishgan. Shogirdlarimga ishonaman. Ular bor kuchlarini namoyish etib, keyingi bosqich masalasini ertaga hal qilishadi», - dedi Mirjalol Qosimov.
«Samarqanddagi g`alabadan keyin futbolchilarning kayfiyati va o`yinga qaratilgan tayyorgarligi juda yuqori. Ortga yo`l yo`q. Faqat g`alaba haqida o`ylayapmiz. Chap qanot himoya chizig`ida o`ynash men uchun yangi o`ylab topilgan pozitsiya emas. Ilgari ko`p bora bu nuqtada to`p tepganman. Farqi shu bo`ldiki, Samarqanddagi o`yinning dastlabki o`n daqiqasida dam oldim. Chunki to`pni ko`proq oldingi chiziqdagi futbolchilarimiz nazorat qilib turishdi», - dedi Oleg Zoteev.
«Sakkiz oyda bitmagan chim 3-4 haftada tayyor bo`lib qolmaydi. Mas`ul shaxslar imkon qadar kerakli joylarni almashtirishga harakat qilishdi. Shundan so`ng maydon sifatida zo`r bo`ldi, deb o`ylamayman. Yarani tuzatish uchun uni kovlash kerak. Keyin bitib ketguncha o`sha joyda qoldiq qoladi va uni bitishi uchun vaqt talab etiladi. Nima bo`lgan taqdirda ham faqat yutuq uchun o`ynaymiz. Biz maydon sifati emas, yutuq haqida o`ylayapmiz», - dedi Mirjalol Qosimov.
«Koreyslar bilan ham shunga o`xshash holat yuz bergandi. Futbolda futbolchilarning nomlari emas, balki jamoalar nomi o`ynaydi. Bu haqida yigitlar bilan gaplashdik. Raqib o`yinlarini ko`rib chiqdik. To`g`ri, ayrim futbolchilar haqida umuman tasavvurga ega emasmiz. Ammo ularning mahoratini ertangi bahs davomida ko`rib olamiz. Avvalambor biz ularga emas, ular bizning taktikamizga qarab o`ynashsin. «Bunyodkor» o`z uslubiga ega bo`lgan jamoa. Biz uyda o`ynaymiz va hakam xushtagi chalinishi bilan ustunlikni o`z qo`limizga olib, bahs oxirigacha shu ruhni saqlab qolishga harakat qilamiz», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi.
Xabar "Bunyodkor" FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.