Xajime Moriyasu: «Bunyodkor» nimchorak finalga chiqadi»

«Sanfrechche Xirosima» jamoasi bosh murabbiyi Xajime Moriyasu «Bunyodkor» Osiyo Chempionlar ligasi nimchorak finali yo`llanmasini albatta qo`lga kiritadi.

23 aprel kuni Toshkentning «Bunyodkor» klubi Osiyo Chempionlar ligasi «G» guruhi 5-tur uchrashuvlari doirasida Yaponiya chempioni «Sanfrechche Xirosima» jamoasini qabul qiladi. «Bunyodkor» stadionida o`tkaziladigan o`yin 18:00da boshlanadi. Ma`lumot o`rnida, ikki jamoa o`rtasida Yaponiyada o`tgan o`zaro o`yinda toshkentliklar 2:0 hisobida g`alaba qozonishgan edi.

«Bunyodkor» va «Sanfrechche Xirosima» jamoalarining bu safargi to`qnashuvi Toshkentda bo`lib o`tadi. Shu boisdan ham raqibimizning imkoniyatlari yuqoriroq. Lekin biz oson taslim bo`lmoqchi emasmiz. «Jey» ligada o`yinlarimiz yomon chiqmayapti va qayd etayotgan natijalarimizni ham qoniqarli desak bo`ladi. Chempionlar ligasida esa omadimiz chopmadi. Endi bor e`tiborimizni ichki musobaqalarga qaratamiz. Bizda raqib yoki musobaqa ajratish degan tushunchalar yo`q. Har bir bahsga bir xilda tayyorgarlik ko`rib, barchasida g`alaba qozonishni istaymiz. O`ylaymanki, «Bunyodkor» aniq pley-of ishtirokchisiga aylanadi. «Poxang Stilerz» va «Beytszin Goan» jamoalarning imkoniyatlari ham chakki emas. Barchasi ushbu turda hal bo`lsa kerak», - dedi «Sanfrechche Xirosima» jamoasi bosh murabbiyi.

«Klubimiz rahbariyati tomonidan Osiyo Chempionlar ligasi turniriga qo`yilgan vazifani bajara olmagan bo`lsak-da, Toshkentga yaxshi niyat bilan kelganmiz», - dedi «Sanfrechche Xirosima» darvozaboni Shusaki Ishikava.

«Shuni qo`shimcha qilamanki, Toshkent aeroportida ko`p vaqt ushlanib qoldik. Parvoz ham ancha uzun bo`ldi. Hali Toshkentda mashg`ulot o`tkazganimizcha yo`q. Bugungi rasmiy tayyorgarligimizda shogirdlarimning qanday holatda ekanliklarini ko`rib olaman. Yo`lni qiyinchiligi ertangi uchrashuvga ta`sir o`tkazmaydi, deb o`ylayman», - dedi Xajime Moriyasu.

«To`purar hujumchimiz Xisato Satoni Xirosimada qoldirdik. Uning o`rniga esa yoshroq bo`lgan boshqa futbolchini olib keldik. Xorvatiyalik legioner futbolchimiz Mixail Mikich bilan ham xuddi shunday holat yuz berdi. Bizda pley-offga chiqish uchun imkoniyat qolmagan. Shu boisdan ham fursatdan foydalanib yoshlarga imkon bermoqchimiz. «Poxang Stilerz» ham Toshkentga yoshroq bo`lgan futbolchilarini olib kelib, 2:2 hisobidagi durang natija bilan qaytgandi. Biz ham shunday yo`l tutishga qaror qildik», - deya qo`shimcha qildi «Sanfrechche Xirosima» bosh murabbiyi Xajime Moriyasu.

Xabar "Bunyodkor" FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb