OChL-2013: «Bunyodkor» «Beyjing»ni safarda mag`lub etdi

Toshkentning «Bunyodkor» klubi Osiyo Chempionlar ligasidagi mag`lubiyatsiz yurishini davom ettirmoqda.

10 aprel kuni Pekindagi «Ishchilar stadioni»da Osiyo Chempionlar ligasi «G» guruhi 4-tur uchrashuvlari doirasida O`zbekiston Kubogining amaldagi sohibi, Toshkentning «Bunyodkor» klubi Xitoyning «Beyjing Guoan» klubi mehmoni bo`ldi. O`yin 1:0 hisobida Mirjalol Qosimov shogirdlari g`alabasi bilan yakunlandi. Bir hafta avval Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida o`tkazilgan o`yinda hisob ochilmagan edi.

O`yinda «Bunyodkor»ga g`alaba keltirgan yagona gol jamoa yarim himoyachisi Fozil Musaev hisobiga yozildi. Uchrashuv 31-daqiqasida Musaev, chap qanotdan Oleg Zoteev uzatgan to`pni «Beyjing» darvozasiga yaqin masofadan joylab qo`ydi.

Qayd etish joiz, bu OChLning joriy mavsumida Musaev tomonidan urilgan ikkinchi goldir. Bungacha u «Sanfrechche Xirosima»ga qarshi guruh bosqichi ilk o`yinida ham gol urishga muvaffaq bo`lgandi. Ma`lumot o`rnida, o`tgan mavsum Qarshining «Nasaf» jamoasi tarkibida OChL bahslarida ishtirok etgan Musaev o`shanda ham gol urishga muvaffaq bo`lgandi.

E`tiborli tomoni, «Bunyodkor»ning 2013 yilgi OChL bahslaridagi mag`lubiyatsiz seriyasi to`rt o`yinga etdi. Jamoa shu kungacha ikkita o`yinda g`alaba qozongan bo`lsa, ikkita o`yinda durang natija qayd etdi. Qiziq tarafi, har ikkala durang natija ham Toshkentda o`tkazilgan o`yinlarda qayd etilgan. «Bunyodkor» musobaqa doirasidagi navbatdagi o`yinni 23 aprel kuni «Sanfrechche Xirosima»ga qarshi o`tkazadi va bu bahs guruh bosqichi doirasida Toshkentda o`tkaziladigan so`nggi o`yin bo`ladi.

«G» guruhi 4-tur o`yinlari doirasidagi ikkinchi bahs – Janubiy Koreyaning «Poxang Stilerz» va Yaponiyaning «Sanfrechche Xirosima» jamoalari o`rtasidagi uchrashuv 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. Shunday qilib, dastlabki 4 tur yakuniga ko`ra «Bunyodkor» 8 ochko bilan guruhda peshqadamlik qilayotgan bo`lsa, hali birorta o`yinda mag`lub bo`lmagan «Poxang» hisobida 6 ochko bor. «Beyjing»da 5, birorta g`alabaga erishmagan Yaponiya chempioni hisobida esa 1 ochko bor.

OChL-2013, G guruhi, 4-tur uchrashuvi
10 aprel, chorshanba
«Beyjing Guoan» (Xitoy) – «Bunyodkor» (Toshkent) 0:1 (0:1)
Gol:
Fozil Musaev (31).
«Beyjing Guoan»: Yang Chji, Chjou Ting, Liang Jeng, Jang Tsintsin, Egor Krimets, Darko Matich (Tan Tiancheng, 78), Vang Tsiaoling, Jang Tsichje, Piao Cheng (Tsi Yunlong, 71), Frederik Kanute, Mao Jiangking (Li Titsiang, 46).
«Bunyodkor»: Ignatiy Nesterov, Akmal Shorahmedov, Xayrulla Karimov, Anvar G`ofurov, Marko Blajich (Alibobo Rahmatullaev, 72), Javlon Ibrohimov, Aleksandr Pishchur, Lutfulla To`raev (Dilshod Jo`raev, 87), Artyom Filiposyan, Fozil Musaev, Oleg Zoteev (Sardor Rashidov, 83).

mib
uzcard
cola
apex
bmb