Qosimov: «Beyjing»ga qarshi ochiq futbol namoyish etib bo`lmaydi»

«Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning fikricha, Xitoyning «Beyjing Guoan» jamoasiga qarshi ochiq futbol namoyish etib bo`lmaydi.

Eslatib o`tamiz, 10 aprel kuni Osiyo Chempionlar ligasi «G» guruhi 4-tur bahslari doirasida O`zbekiston Kubogi amaldagi sohibi, Toshkentning «Bunyodkor» klubi Xitoyning «Beyjing Guoan» klubi mehmoni bo`ladi. Pekinda o`tkaziladigan o`yin Toshkent vaqti bilan 16:30da boshlanadi.

«10 aprel kuni bizni qiziqarli uchrashuv kutib turibdi. Bir hafta oldin "Beyjing Guoan"ni Toshkentda yuta olmagandik. Pekinliklarni anchayin shakllangan va tartibli jamoa deb bilaman. Chiroyli o`yin ko`rsatgan holda o`zimizga kerakli bo`lgan natijani qayd etishga harakat qilamiz. Bo`lajak bahsning ahamiyati yuqori va har ikkala jamoa uchun uchrashuv nufuzi juda ham baland», - dedi Qosimov.

«O`yin o`tkaziladigan maydon holati to`g`risida unda mashg`ulot o`tkazganimizdan so`ng biror fikr bildirishim mumkin. "Beyjing Guoan" klubiga qarshi ochiq futbol namoyish etib bo`lmaydi. Biz raqibga nisbatan kerakli bo`lgan taktikani tanlab, safardan g`alaba bilan qaytishga harakat qilamiz. To`g`ri, futbolda har safar ham o`ylagan maqsadingga erisha olmaysan. Biroq bor kuchimiz bilan o`ynab, muxlislarimizni xushnud etmoqchimiz», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.

«Beyjing Guoan» bosh murabbiyi Aleksandar Stanoevich esa bir hafta avval Toshkentda bildirgan fikrlarini deyarli takrorladi. O`shanda har ikkala jamoa o`rtasidagi «Bunyodkor» stadionida o`tkazilgan o`yinda hisob ochilmagan edi.

«Bu o`yin biz uchun juda ham muhim hisoblanadi. Biz maydon egalarimiz. Shu boisdan ham g`alaba qozonishimiz shart. Umuman olganda, ertangi uchrashuvga barcha shogirdlarim tayyor holatdalar. Guruhimizda birdaniga uchta jamoa beshtadan ochkoga ega. Biroq bizning imkoniyatlarimiz nisbatan yaxshiroq. Ertaga stadionga ko`proq ishqibozlar tashrif buyurishib, bizni qo`llab-quvvatlab turishini istardim.

«Mavsum startida hali mag`lubiyatga uchraganimiz yo`q. Ochig`ini aytaman, ertaga bizni o`ta muhim o`yin kutib turibdi. "Bunyodkor" o`tgan mavsum OChL yarim finaliga qadar etib borgan jamoa hisoblanadi. Klub turnirda muntazam ishtirok etib keladi va shu orqali kattagina tajribaga ega. Mehmonda Yaponiya chempioni "Sanfrechche Xirosima" klubini dog`da qoldirdi. Raqibimiz tarkibidagi aksariyat futbolchilar milliy terma jamoa a`zolaridir. Aynan shu futbolchilar va murabbiy Braziliya-2014 masalasini amalda hal qilib bo`ldi. Shunday ekan, raqibni hurmat qilgan holda bahsga jiddiy yondashamiz», - deya qo`shimcha qildi «Beyjing Guoan» bosh murabbiyi Aleksandr Stanoevich.

mib
uzcard
cola
apex
bmb